Alisher Usmonov o‘zi o‘qigan maktabni kapital ta’mirlatib berdi (foto+video)

Jamiyat

Asli o‘zbekistonlik bo‘lgan milliarder Alisher Usmonov Toshkent shahrining Mirobod tumanida o‘zi o‘qigan 110-maktabni ta’mirlash uchun yirik miqdorda mablag‘ ajratdi. Maktab 2020/2021 o‘quv yilini yangi binoda qarshi oldi. 

2019 yilda Alisher Usmonov tashabbusi bilan ushbu maktabda kapital ta’mirlash ishlari boshlangandi. Ta’mir 2020 yilning sentyabr oyiga kelib tugatildi. 

Zamonaviy ko‘rinish kasb etgan maktabda SMART aqlli texnologiyalaridan keng foydalanilgan. Maktab binosiga daqiqasiga 40 kishini o‘tkazish imkoniyatiga ega va sensor qoplamali, qiyofalarni esda saqlab qoluvchi turniket orqali kiriladi. 

Keng, rang-barang, yorug‘ yo‘laklar o‘quvchilarning dunyoqarashi kengayishiga, bilimlar olamiga sho‘ng‘ishiga, etika-estetikasi yuksalishiga xizmat qiladi. Ayni vaqtda O‘zbekistonda 10 mingga yaqin umumiy o‘rta ta’lim maktablari faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, 110-maktabning yangi binosi ular orasida namunaviy ko‘rinish kasb etdi, deyish mumkin. 

Maktabdagi har bir sinfxona zamonaviy axborot texnologiyalari – kompyuter, sensorli televizor bilan ta’minlangan. Yo‘laklarga o‘quvchilar tanaffus vaqtida hordiq chiqarishi uchun o‘rindiqlar o‘rnatilgan. 

Kimyo, biologiya, fizika xonalarini hatto, universitetlarda ham uchratmaysiz. Uskunalar o‘quvchilarga berilayotgan nazariy bilimni amaliy sinovdan o‘tkazish imkonini beradi. 

Yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash fani bo‘yicha zamonaviy merganlik xonasi ham tashkil etilgan. Sinfxonada nafaqat nazariy bilimlar olish, balki zamonaviy texnologiyalar yordamida merganlik saboqlarini ham sinab ko‘rish mumkin. 

Bundan tashqari maktabda hovuz, stomatologiya, tadbirlar zali, amfiteatr, yozgi va qishki oshxona, bolalar o‘yingohi, planetariy, futbol, basketbol, voleybol maydonlari, yugurish va velosiped uchish uchun alohida yo‘laklar, sportning gimnastika turi bilan shug‘ullanuvchi qizlar uchun alohida sport zali, futnes klubi mavjud. 


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Usmonov 110-maktab

Baholaganlar

985

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing