Senator O‘zbekistonda pedofillarni kastratsiya qilishni taklif etdi (video)

Jamiyat

−

image

“Nuroniy” jamg‘armasining Toshkent shahar bo‘limi raisi, senator Rustam Kalonov O‘zbekistonda pedofillarni kastratsiya qilishni taklif etdi. Bu haqda u bugun, 2 oktyabr kuni Oliy Majlis Senatining 20-yalpi majlisida so‘z ochdi.

Ushbu majlisda senatorlar tomonidan “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi va ma’qullandi. Muhokama jarayonida senator Rustam Kalonov pedofillarni kastratsiya qilish taklifini o‘rtaga tashladi. 

“Bir xil davlatlarda hattoki shunaqa kasal insonlar (pedofillar – tahr.), ayniqsa, kichkina, jajji qizlar bilan jinsiy aloqa qilganlar xirurgik aralashuv – kastratsiya qilinadi. Shunaqa narsalarga ham boradida, negaki ular yana shu jinoyatini qaytarishi mumkin. Shunga biz yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Mening taklifim shu, agar qo‘shimcha qilish bo‘lsa, yaxshi bo‘lardi”, deydi senator.

Bunga javoban senat raisi Tanzila Norboyeva hozirgi qabul qilinayotgan qonun qanday ishlashini ko‘rish kerakligini, shundan keyin u takomillashtirilishi mumkinligini bildirgan.

“Oxirgi o‘n yillikda biz zo‘ravonlik bilan kurashish masalasi, zo‘ravonlik degan iboralar haqida gapirib, bemalol choralarni belgilaydigan bo‘ldik. Bu ham bo‘lsa, hurmatli Prezidentimizni mana shu masalalarga hammamizni toqatsizlik munosabatda bo‘lishimiz, bolalarni himoya qilish, ayollarni himoya qilish bo‘yicha bergan topshiriqlari asosida bo‘lyapti. Albatta, xabaringiz bor, mana uch yil oldin ayollar bo‘yicha qonun qabul qilganmiz. Undan keyin mana o‘tgan yili bolalar bo‘yicha... Har yili takomillashtirib boryapmiz. Bu qonunda ham hozir ko‘raylik, qanaqa ishlaydi. Ana undan keyin takomillashtirishni davom etaveramiz”, deydi Tanzila Norboyeva.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan sodir etilgan nomusga tegish va jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyatlari uchun 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishini nazarda tutuvchi qonun senatorlar tomonidan ma’qullanib, imzolash uchun Prezidentga yuborilgani haqida xabar berilgan edi.

Namangandagi bog‘chada fojia

Avvalroq, Namangan viloyatidagi bog‘chada ombor mudiri 5 yashar tarbiyalanuvchini zo‘rlagani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat yuzasidan Uchqo‘rg‘on tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan joriy yilning 12 sentyabr kuni Jinoyat kodeksining 118-moddasi (Nomusga tegish) 4-qismi va 112-moddasi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu jinoyatni sodir etishda gumonlanayotgan K. M. protsessual tartibda ushlangan va unga nisbatan sud tomonidan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Bundan tashqari, yshbu voqea ortidan O‘zbekistondagi bog‘chalarda xodimlarni tekshirish boshlangandi hamda yuz bergan ko‘ngilsiz holatni atroflicha o‘rganish, mas’ullarning xizmat vazifasiga loyiqligini ko‘rib chiqish bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Ishchi guruh tuzilgandi. Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga taqdimnoma kiritgan. Mazkur holat bo‘yicha tergovni Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev shaxsan nazoratga olgan.

Shuningdek, Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 5 yashar qizni zo‘rlagan ombor mudiriga maksimal og‘ir jazo berilishini bildirgan edi. Namangandagi 5 yashar qizaloq bilan bog‘liq fojia ortidan uning oilasi boshqa shaharga ko‘chirilib, ularga uy-joy va zarur reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatilishi ham ma’lum qilingan. Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva va Bolalar ombudsmani bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini joriy etish taklifini ilgari surdi. Keyinroq O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlikni keskin kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi va ikkinchi o‘qishda ma’qulladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing