Geyts jamg‘armasi tekshiruvi: Epshteyn bilan aloqalar bo‘lgan, ammo…

Olam

image

Bill Geyts rahbarlik qiladigan Gates Foundation buyurtmasi bilan o‘tkazilgan mustaqil tekshiruv Jeffri Epshteyn bilan aloqalar mavjud bo‘lganini, biroq unga hech qanday to‘lov amalga oshirilmagani va jamg‘armaning uning jinoiy faoliyatiga aloqadorligi aniqlanmaganini ko‘rsatdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, jamg‘arma tomonidan Jeffri Epshteynga hech qanday mablag‘ to‘lanmagan. Shuningdek, jamg‘arma yoki uning xodimlari Epshteynning jinsiy odam savdosi yoki boshqa jinoiy faoliyatida ishtirok etgani yoxud bu haqda xabardor bo‘lganini tasdiqlovchi dalillar topilmagan.

Jamg‘arma Bill Geytsning Epshteyn bilan munosabatlari sababli so‘nggi yillarda jamoatchilik diqqat markazida bo‘lib kelmoqda. AQSH Adliya vazirligi joriy yil boshida e’lon qilgan Epshteynga oid hujjatlarda Bill Geytsning moliyachi bilan va yuzlari yopilgan ayollar bilan tushgan suratlari, shuningdek, Epshteyn hamda jamg‘arma xodimlari o‘rtasidagi yozishmalar ham mavjud edi.

Qayd etilishicha, 70 yoshli Bill Geyts Epshteyn bilan aloqada bo‘lganidan bir necha bor afsuslanganini bildirgan. U Epshteynning jinsiy zo‘ravonlik qurbonlari bilan vaqt o‘tkazganini rad etgan va uning jinoiy harakatlariga guvoh bo‘lmaganini aytgan. Geytsga nisbatan hech qanday jinoiy ayblov qo‘yilmagan.

Jamg‘arma joriy yilda Epshteyn bilan munosabatlarini tashqi tekshiruvdan o‘tkazishga qaror qilgan. Mart oyida boshlangan tekshiruvni UilmerHeyl yuridik firmasi o‘tkazgan. Tekshiruv 2011–2014 yillarda jamg‘armaning Epshteyn bilan asosiy aloqalari ikki masalaga oid bo‘lganini tasdiqladi. Ulardan biri donorlar maslahat jamg‘armasini tashkil etish taklifi, ikkinchisi esa International Peace Institute notijorat tashkiloti bilan bog‘liq hamkorlik bo‘lgan.

Jamg‘arma birinchi tashabbusni amalga oshirmagan. Biroq ichki tekshiruvdan so‘ng poliomiyelitni yo‘q qilish dasturini qo‘llab-quvvatlash maqsadida mazkur tashkilotga mablag‘ ajratgan. UilmerHeyl tekshiruv davomida amaldagi va sobiq xodimlar bilan 50 dan ortiq suhbat o‘tkazib, katta hajmdagi hujjatlarni o‘rgangan.

Tekshiruv yakunlari asosida jamg‘arma boshqaruv kengashi bir qator tavsiyalarni ma’qullagan. Ular qatorida Bill Geyts, boshqaruv kengashi yoki yuqori rahbariyat ishtirokidagi hamkorliklarni tashkil etishda vositachilar va donor maslahatchilarini markazlashgan tartibda tekshirish hamda xususiy uylarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan uchrashuvlar ustidan nazoratni kuchaytirish choralari ham bor.

Ma’lumot uchun, Bill Geyts va uning o‘sha paytdagi turmush o‘rtog‘i Melinda French Geyts Gates Foundation'ga 2000 yilda asos solgan. U dunyodagi global sog‘liqni saqlash tashabbuslarini moliyalashtiruvchi eng yirik xayriya tashkilotlaridan biri hisoblanadi.

Bill Geyts o‘tgan oy AQSH Kongressidagi chiqishida Jeffri Epshteyn bilan 2011 yilda tanishtirilganini aytgan. Bu Epshteyn voyaga yetmagan shaxsni fohishalikka jalb qilish bo‘yicha aybini tan olib, 13 oy qamoq jazosini o‘tab bo‘lganidan uch yil keyin sodir bo‘lgan.

Geytsning so‘zlariga ko‘ra, keyingi uchrashuvlar ehtimoliy xayriya loyihalariga bag‘ishlangan, ammo hech qanday natija bermagan va munosabatlar 2014 yil dekabrida yakunlangan.

Jeffri Epshteyn 2019 yil avgust oyida Nyu-Yorkdagi Manhetten qamoqxonasida, jinsiy odam savdosi ayblovlari bilan hibsga olinganidan bir oy o‘tib vafot etgan. Sud-tibbiy ekspertizasi uning o‘limini o‘z joniga qasd qilish deb baholagan.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq amerikalik milliarder va investor Uorren Baffett har yili yil o‘rtasida amalga oshiradigan ko‘p milliard dollarlik xayriyasini hozircha Bill va Melinda Geyts jamg‘armasiga o‘tkazmasligini ma’lum qilgandi. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing