Uorren Baffett Epshteyn sabab Geyts jamg‘armasiga xayriyani to‘xtatdi
Olam
−
30 iyun 2130 2 daqiqa
Amerikalik milliarder va investor Uorren Baffett har yili yil o‘rtasida amalga oshiradigan ko‘p milliard dollarlik xayriyasini hozircha Bill va Melinda Geyts jamg‘armasiga o‘tkazmaydi. Bu haqda “The Wall Street Journal” manbalarga tayanib xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Baffett jamg‘armaning jinsiy jinoyatlarda ayblangan Jeffri Epshteyn bilan aloqalari bo‘yicha o‘tkazilayotgan mustaqil tekshiruv natijalarini kutishga qaror qilgan.
Qayd etilishicha, Geyts jamg‘armasi bosh direktori Mark Suzman jamg‘armaning o‘tmishdagi Epshteyn bilan aloqalarini baholash uchun mustaqil tashqi tekshiruv tayinlagan. Tekshiruv xulosalari joriy yoz mavsumida e’lon qilinishi kutilmoqda.
WSJ ma’lumotiga ko‘ra, Baffett xayriya bo‘yicha yakuniy qarorini yil oxiriga, ehtimol an’anaviy “Shukronalik kuni” munosabati bilan yo‘llaydigan ochiq maktubi vaqtiga qadar kechiktirgan. 95 yoshli Uorren Baffett so‘nggi yigirma yil ichida Berkshire Hathaway aksiyalarining 47 milliard dollardan ortiq qismini Geyts jamg‘armasiga xayriya qilgan.
Ma’lumot uchun, Geyts jamg‘armasi raisi Bill Geytsning Epshteyn bilan munosabatlari so‘nggi vaqtlarda keskin muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Microsoft korporatsiyasi hammuassisi Bill Geytsning obro‘si Adliya vazirligi Epshteynga oid hujjatlarni e’lon qilganidan keyin jiddiy zarar ko‘rdi.
70 yoshli Geytsga nisbatan hech qanday jinoiy ayblov qo‘yilmagan.
U bir necha bor Epshteyn bilan aloqada bo‘lganidan afsusda ekanini bildirgan hamda Epshteynning jinsiy zo‘ravonlik qurbonlari bilan vaqt o‘tkazganini rad etgan. Shuningdek, u Epshteyn tomonidan sodir etilgan jinoiy xatti-harakatlarga shaxsan guvoh bo‘lmaganini ta’kidlab keladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Microsoft asoschisi Bill Geyts AQSH Kongressi a’zolariga jinsiy jinoyatlarda ayblangan Jeffri Epshteyn uni nikohdan tashqari munosabatlari orqali shantaj qilishga uringanini aytgan edi.
Live
BarchasiBloger Aziz Hakimov 4 yilga qamaldi
11 avgust
Putin hech narsadan qo‘rqmasligini aytdi
11 avgust