Zo‘rlangan va xo‘rlangan bolalar

Tahlil

1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni. Bu galgi bir yil davomida kattalarning sovuqqonligi va vahshiyligi oqibatidan aziyat chekkan, pedofillar qurboniga aylangan, tengdoshlari tomonidan vahshiylarcha “samosud” qilingan bolalarning achchiq qismati haqida ma’lumot beramiz.

Odatda “bolajon xalqmiz” degan gapni faxr bilan aytamiz. Lekin keyingi bir yil ichida bolalar bilan bog‘liq tarqalgan xabarlarga nazar tashlasak, bu ibora ortida juda ko‘p savollar paydo bo‘ladi. Chunki bugun bolani faqat begona odamdan emas, ayrim holatlarda o‘z yaqinlaridan, qo‘shnisidan, o‘qituvchisidan, tarbiyachisidan va hatto ota-onasidan ham himoya qilishga to‘g‘ri kelmoqda.

Joriy yilning may oyida Toshkentda ona o‘zining 3 yashar farzandini 10 ming dollarga sotmoqchi bo‘lganida qo‘lga olindi. Samarqand viloyatida esa ayol o‘g‘li bilan janjallashgan birinchi sinf o‘quvchisini maktabning o‘zida kaltaklagani haqida xabar tarqaldi. Ma’lum bo‘lishicha, bolalar darsdan keyin o‘zaro tortishib qolgan. Oradan bir necha kun o‘tgach esa o‘quvchilardan birining onasi maktabga kelib, sinfxona ichida bolalarni haqorat qilgan va ularga nisbatan kuch ishlatgan. Surxondaryo viloyatidagi maktablardan birida yuqori sinf o‘quvchisi kichik sinfda o‘qiydigan bolaga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilgani ma’lum bo‘ldi.

Eng achinarlisi, bu kabi holatlar alohida yoki kam uchraydigan voqealar emas. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni 8,8 million nafardan oshgan. 2025 yil davomida esa 3 mingdan ziyod voyaga yetmagan shaxs turli jinoyatlarning qurboni bo‘lgan. Ularning 1225 nafari 12 yoshgacha bo‘lgan bolalardir. Ya’ni har kuni o‘rtacha bir nechta bola turli ko‘rinishdagi jinoyatlardan jabr ko‘rmoqda.

So‘nggi oylarda bolalarga nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyatlar haqidagi xabarlar deyarli har oy tarqalmoqda. Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida 13 yoshli qiz 53 yoshli erkak tomonidan zo‘ravonlikka uchradi. Buxoroda 13 yoshli qiz ona bo‘lib qolgani haqida ma’lumot tarqaldi. Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida esa 14 yoshli qiz bir guruh shaxslar tomonidan zo‘ravonlikka uchragani ma’lum qilindi.

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik faqat jinsiy jinoyatlar bilan cheklanmaydi. Samarqand viloyatining Toyloq tumanida ikki nafar qizaloq o‘z vasiysi tomonidan muntazam ravishda kaltaklanib kelgani aniqlandi. Ayol ularning chet elda ishlayotgan onasidan pul undirish maqsadida bolalarga nisbatan jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazgan, hatto bu jarayonlarni videoga ham olgan. Surxondaryo viloyatida esa 36 yoshli ayol nevarasi bilan janjallashgan 8 yoshli bolani kaltaklagan. Ba’zan kattalarning bolalar o‘rtasidagi oddiy kelishmovchiliklarga aralashuvi shunchalik keskin tus oladiki, oqibatda jabr ko‘ruvchi yana bolalarning o‘zi bo‘lib qoladi.

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik faqat kattalar tomonidan sodir etilmaydi. Keyingi yillarda o‘smirlar orasidagi agressiya ham jiddiy muammoga aylanib bormoqda. Farg‘ona viloyatida maktab o‘quvchilari va boshqa fuqarolarni qo‘rqitib kelgan jinoiy guruh fosh etildi. Uning tarkibida voyaga yetmagan shaxslar ham bo‘lgan. Ular odamlarni tahdid qilish, mol-mulklarini tortib olish va boshqa noqonuniy harakatlar bilan shug‘ullangan. Qizlar o‘rtasida ham vaziyat unchalik yaxshi emas. Buxoroda bir nechta qiz tengqurini urib, bu jarayonni videoga olgani ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Keyinchalik ularning boshqa janjallarga ham aloqadorligi ma’lum bo‘ldi. Samarqandda va boshqa hududlarda esa yigit talashish yoki ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalar sabab chiqqan janjallar oqibatida qizlar bir-birini kaltaklagani haqidagi xabarlar kuzatildi.

Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.


Maqola muallifi

Teglar

bolalar samosud pedofil 1 iyun' Zo'rlangan xo'rlangan

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing