“Sardoba xronologiyasi” – Kecha Sirdaryoning boshidan nimalar o‘tdi?
Jamiyat
−
02 may 2020
20971Kecha, 1 may kuni butun O‘zbekiston uchun tashvishli xabar bilan boshlandi. Shu kuni soat 05:55da Sirdaryo viloyatida joylashgan Sardoba suv ombori dambasining 6 piket devorida suv chiqa boshladi. Oqibatda, bir qancha aholi punktlariga kuchli oqimda suv yopirilib kira boshladi.
Shundan so‘ng, voqea joyiga O‘zbekiston Hukumati rahbari Abdulla Aripov, shuningdek, Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar boshqarmalari, Milliy gvardiya va boshqa tegishli tashkilotlar rahbarlari yetib keldi. Evakuatsiya tadbirlarini tashkillashtirish, favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha ishlar muvofiqlashtirildi.
Kunning birinchi yarmiga qadar Sardoba tumani “Qo‘rg‘ontepa” MFY suv omborining atrofidagi Qo‘rg‘ontepa, “Do‘stlik”, “Yurtdosh” MFYlardan jami 11 598 nafar aholi evakuatsiya qilindi. Bundan tashqari, suv bosish xavfi bo‘lgan “Quytosh” MFY, “Ota yurt” MFY va “Birlik” MFYlardan axolini evakuatsiya qilish rejaga olindi.
Tushdan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatining suv ombori yorilgan Sardoba tumaniga zudlik bilan yetib bordi. Davlat rahbari Sardoba tumani aholisi bilan uchrashdi.
“Bu ham bir sinov. Hech kim kutmagan sinov. Eng katta qilgan harakatimiz odamlarni ehtiyot joylariga ko‘chirish edi. Oqoltin rahbarlari, nuroniylari, mahalla raislaridan shuni iltimos qilaman, hozir odamlarni saranjom qilib, hammani mahalla-mahalla qilib yig‘ib olib, hamma sharoitini vaqtinchalikka yaratib beramiz. odamlarni hozir yig‘ib, uylarga joylashtirib, hamma sharoitini qilib berishimiz kerak. Hamma kuch vositani shunga safarbar qilamiz. Sharoit yaxshi bo‘lmaguncha man boshchiligimdagi bironta rahbar hech qayerga qimirlamaymiz.
Bu hech kim kutmagan falokat. 2020 yil og‘ir keldi. Mana shu og‘irlikni yelkamizga olib, sabr bilan chidashimiz kerak. Hozir xato qilishga haqqimiz yo‘q. Odamlarni vahima qilmasligimiz kerak. Ayollar va yoshlarni tinchlantirishimiz kerak”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Soat 16:00 lar atrofida Favqulodda vaziyatlar vazirligi dambadan suv chiqishi kamaygani, suv oqimlari Oqoltin tumani hududidan o‘tuvchi Abay kanaliga tushirilib, Jizzax viloyatidagi Arnasoy ko‘liga yo‘naltirilgani haqida xabar berdi.
Toshqindan jabr ko‘rgan aholi viloyatning Do‘stlik, Paxtakor, Zarbdor va Mirzacho‘l tumanlaridagimaktab, kollej, xususiy korxonalar va aholi xonadonlariga joylashtirildi. Bundan tashqari, Mirzaobod tumanidagi “Navbahor”, “Haqiqat” va “Bahoriston” MFYlarda yashovchi odamlar ushbu tumandagi kasb-hunar kolleji, Safarbarlik chaqiruv rezervi bo‘yicha harbiy qism va shifoxonaga evakuatsiya qilindi.
Shuningdek, Oqoltin tumanidagi “Ahillik”, “Shodlik”, “Saxovat”, “Navoiy”, “Do‘stlik”, “Ko‘rkamdiyor”, “Toshkent”, “Yangihayot”, “Obod” va “Mustahkam” MFYlarining aholisi Jizzax viloyati Gagarin shaharchasiga vaqtinchalik ko‘chirildi. Unda aholi uchun 6000 dona niqob, 80 dona antiseptik vosita, 200 juft bir martalik qo‘lqoplar va boshqa tibbiyot vositalari tarqatildi.
Tabiiy ofat o‘z nomi bilan ofat. Suv toshqini aholiga katta miqdorda moddiy zarar yetkazdi. Ayni paytda uning aniq miqdori ochiqlanmadi. Biroq suratlardan ko‘rish mumkin-ki, butun bir mahallalar, jumladan, hali foydalanishga topshirilganiga ko‘p bo‘lmagan namunali turar-joy binolarini suv bosgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Toshqin ortidan 56 kishi jarohatlangan.
Ushbu ofatni bartaraf etish uchun dastlabki soatlarda Sirdaryo viloyati FVBdan 430 nafar shaxsiy tarkib va 5 avtotexnika, Jizzax viloyati FVBdan nafar 120 shaxsiy tarkib, 6 ta avtotexnika, MVBRQMdan nafar 60 shaxsiy tarkib, 6 ta avtotexnika, MGdan nafar 276 shaxsiy tarkib, 43 avtotexnika hamda hududiy FVDT xizmatlari jalb etildi. Ayni damda tabiiy ofat zararini bartaraf etish ishlari davom ettirilmoqda.
Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev shunday dedi: “Bironta xonadon e’tiborsiz qolmaydi. Qurilishlarni boshlaymiz. Xudoni o‘zi sabr bersin, o‘zi qo‘llab quvvatlasin”.
LiveBarchasi