Turdimov yana bir tuman hokimini almashtirdi
Jamiyat
−
28 fevral
10003Bugun, 28 fevral kuni Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida Xalq deputatlari tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi va unda tumanga yangi rahbar tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Sessiya ishida ishtirok etgan viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov tumanda qator sohalarda qoloqlikka yo‘l qo‘yilayotgani, xususan, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash, yangi investitsion loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, eksport borasida tuman birinchi rahbarining harakatlari yetarli emasligini bildirdi. Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi va shu kunga qadar tuman hokimi lavozimida ishlab kelgan Komiljon Yo‘ldoshaliyevich Ernazarov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Uning o‘rniga Husniddin Yaxshilikovich Suvonov tuman hokimi vazifasini bajaruvchi etib tasdiqlandi. U tayinlovga qadar tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat olib borgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryo viloyatining Mirzaobod, Guliston va Sirdaryo tumanlariga yangi rahbarlar tayinlangandi edi.
LiveBarchasi