Sanksiyaga uchragan rossiyalik oligarx farroshga to‘lashga puli qolmaganini aytdi
Olam
−
17 mart 2022
14801Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida qolgan rossiyalik milliarder Mixail Fridman o‘zini Londonda asir deb atadi. Milliarderga ko‘ra, unda hatto farrosh ayolning xizmatlari uchun ham pul yo‘q. Bu haqda “Bloomberg Businessweek” yozmoqda.
Sanksiyalar ostida qolgan Fridman “Alfa-bank”, X5 Group va Veon kompaniyalari direktorlar kengashlaridan iste’foga chiqqan. Londonda yashovchi Fridman bilan suhbatlashgan nashrning yozishicha, u Isroil pasportiga ega.
Ammo u Isroilga ko‘chib o‘tish uchun u yerda uyi yo‘qligini va uy sotib olishga puli yo‘qligini aytgan.
“Men bu yerda mahbusman”, deya uning so‘zlarini keltiradi nashr.
Ta’kidlanishicha, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyaning chora-tadbirlari milliarderning hisoblari muzlatilishiga olib keldi va endi u hatto kichik xarajatlarga, masalan, tozalash uchun ham qanday to‘lov qilish haqida o‘ylamoqda.
“Balki uyni o‘zim tozalashim kerak. Bu normal holat. Talabalik paytimda to‘rt kishi bilan kichik yotoqxonada yashardim. Ammo 35 yildan keyin bu kutilmagan hol”, degan Fridman intervyusida.
Qayd etilishicha, hisoblar bloklanganidan keyin Fridman Britaniya hukumatidan pul sarflash uchun ruxsat olishi kerak bo‘ladi, bu uning so‘rovi asosliligini aniqlashi kerak. Fridmanning xarajatlari oyiga taxminan 2,5 ming yevro bilan cheklanishi mumkin.
Sanksiyalar joriy etilgunga qadar Fridmanning boyligi taxminan 14 milliard dollarni tashkil qilgan. Hozir uning qog‘ozdagi boyligi o‘n milliard dollarga yaqin.
Fridmanga ko‘ra, uning Londondagi uyi, Moskvadagi uyi va Latviyadagi ota-onasining kvartirasidan boshqa ko‘chmas mulki yo‘q, shuningdek, “musodara qilinishi mumkin bo‘lgan yaxta yoki samolyoti yo‘q”.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi