Samolyotiga qo‘yilgan taqiq sabab Lavrov Jenevadagi konferensiyadan qolib ketdi
Olam
−
28 fevral 2022 10253 4 daqiqa
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi sessiyasi va Qurolsizlanish bo‘yicha konferensiyasida ishtirok etish uchun Jenevaga tashrifi Yevropa Ittifoqining bir qator davlatlari uning samolyotlarining o‘z havo kengliklarida parvozini taqiqlagani sababli bekor qilindi. Bu haqda TASS xabar bermoqda.
“Lavrovning Jenevaga BMT Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi sessiyasi va Qurolsizlanish bo‘yicha konferensiyaga tashrifi uning samolyotining Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etgan bir qator Yevropa Ittifoqi davlatlari havo kengliklarida parvozini misli ko‘rilmagan darajada taqiqlangani sababli bekor qilindi”, degan agentlik bilan muloqot qilgan manba.
Bugun, 28 fevral kuni BMTning Jenevadagi shtab-kvartirasi matbuot kotibi Alessandra Veluchchi TASS agentligiga BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish 27 fevral kuni Yevropa Ittifoqi rahbariyati bilan ikki marta telefon orqali gaplashib, Rossiya delegatsiyasining Jenevaga kelishi masalasini hal qilishga uringanini aytgan. Rasmiy vakilning qayd etishicha, Rossiyaning Nyu-Yorkdagi BMTdagi doimiy vakolatxonasi Guterrishdan “bu vaziyatda yordam berishni” so‘ragan.
“Bosh kotib a’zo davlatlar uchun parvoz ruxsatnomalarini olishga mas’ul bo‘lmasa-da, u va uning idorasi rahbari Yevropa Ittifoqining tegishli organlari, jumladan Yevropa Kengashi prezidenti Charlz Mishel bilan kecha ikki marta suhbatlashdi”, deydi Veluchchi.
Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova 27 fevral kuni “Rossiya-1” telekanalidagi “Vladimir Solovev bilan oqshom” dasturi efirida BMT Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasining Yevroittifoq cheklovlari tufayli qurolsizlanish bo‘yicha konferensiya yig‘ilishi va BMT Inson huquqlari kengashi sessiyasida ishtirok etish uchun Jenevaga kelishini kafolatlay olmasligini aytgandi.
25 fevral kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Zaxarova Rossiya Tashqi ishlar vaziri 28 fevraldan 1 martgacha Jenevada bo‘lib o‘tadigan BMT Inson huquqlari kengashining 49-sessiyasida ishtirok etishini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet bilan suhbat, chet ellik hamkasblar bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar, shuningdek, Jenevada joylashgan yetakchi xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgandi.
Yevropa Ittifoqi Ukrainadagi vaziyatning keskinlashuvi munosabati bilan Rossiya uchun hamjamiyat havo hududini yopishga qaror qilgan.
Ayni vaqtda Rossiya quyidagilar bilan aviaparvozlarni to‘xtatgan: Avstriya, Albaniya, Angilya, Belgiya, Bolgariya, Britaniya Virjiniya orollari, Buyuk Britaniya, Vengriya, Germaniya, Gibraltar, Gretsiya, Daniya (shu jumladan Grenlandiya, Farer orollari va hududiy dengiz), Jersi, Irlandiya, Islandiya, Ispaniya, Italiya, Kanada, Kipr, Latviya, Litva, Lyuksemburg, Malta, Niderlandiya, Norvegiya, Polsha, Portugaliya, Ruminiya, Slovakiya, Sloveniya, Finlyandiya, Fransiya, Xorvatiya, Chexiya, Shvetsiya, Estoniya.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr