Lavrov O‘zbekiston bilan munosabatlarni “xavfsizlik omili” deb atadi
Olam
−
10:45 2984 2 daqiqa
Moskva va Toshkent munosabatlari Markaziy Osiyoda barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yo‘llagan tabrik telegrammasida so‘z borgan.
Uning ishonch bilan aytishicha, Rossiya va O‘zbekiston tashqi siyosat idoralari bundan buyon ham ikki davlat rahbarlarining keng ko‘lamli kelishuvlariga muvofiq ikki tomonlama munosabatlarni izchil rivojlantirishga munosib hissa qo‘shadi. Markaziy Osiyo va umuman Yevroosiyoda barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashga ko‘maklashadi.
Lavrov Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi sermahsul hamkorlikni yuksak qadrlashini bildirgan.
Bundan tashqari, Rossiya diplomatik idorasi rahbari Toshkent va Moskva keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik hamkorligi ruhida ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarning butun majmuini rivojlantirayotgani, mintaqaviy va jahon maydonlarida muvofiqlashtirishni mustahkamlayotganini qo‘shimcha qilgan.
“O‘tgan yillar davomida O‘zbekiston davlat qurilishi, iqtisodiy va ijtimoiy yuksalish borasida sezilarli yutuqlarga erishdi. Ko‘p jihatdan O‘zbekiston diplomatiyasining yuqori darajadagi professionalligi tufayli bugun respublika xalqaro hamjamiyatda munosib obro‘ga ega”, deydi Lavrov.
Rossiya TIV rahbari o‘zbekistonlik hamkasbiga va mamlakat diplomatik xizmatining barcha xodimlariga mas’uliyatli faoliyatida muvaffaqiyatlar va farovonlik tilagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 31 avgust kuni Bishkekda, SHHT+ sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgandi.
Live
Barchasi