“Sabriya” serialidagi axloqsiz sahnalar bo‘yicha ekspertiza natijalari Bosh prokuraturaga oshirildi
Jamiyat
−
24 yanvar 2022
44880O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan “Sevimli” telekanalida efirga uzatilgan “Sabriya” nomli milliy teleserialida axloqsizlik sahnalari yuzasidan boshlagan ekspertizasi yakunlandi. Agentlik o‘rganish natijalarini e’lon qildi.
Ekspertiza davomida teleserialning 2021 yil 29 dekabr kungi qismida Arslon ismli qahramonning mehmonxonada begona ayol bilan yotgani, 2022 yil 4 yanvar kungi qismida bir ayolning mast holatdagi turmush o‘rtog‘ini uni xo‘rlagani uchun uxlab yotgan vaqtida pichoqlab o‘ldirgani, bundan tashqari, 14 yanvar kungi qismida esa uch nafar bezorining giyohvand moddalarni iste’mol qilgani va ularning bitta xonadonga bostirib kirgani, yigitlardan biri uydagi ayolga zo‘rlik ishlatgani tasvirlangan syujetlar o‘rganilgan.
Ekspertlar quyidagi xulosaga kelishgan:
• lavha syujetidagi o‘g‘rining ayolga qilgan xatti-harakatlari kuch ishlatish yo‘li bilan nomusiga tegishga urinish sahnasi sifatida baholandi. Bunday teleseriallarning namoyish etilishi yoshlar o‘rtasida xotin-qizlarga nisbatan kuch ishlatishga moyillikni oshirishga xizmat qiladi;
• badiiy film va teleserial jamiyatdagi qarashlarni, yoshlarning tarbiyasini shakllantiradigan muhim vositalardan biri ekanini hisobga olib, ommaga taqdim etilayotgan har bir syujet, so‘z va harakat uchun mas’uliyatli bo‘lish kerak;
• ayollarning obro‘yiga jiddiy putur yetkazayotgan sayoz “ijod namunalari” efirga uzatilishining oldini olish, gender tengligi va boshqa umuminsoniy qadriyatlar, milliy mentalitetni hisobga olib, etika nuqtai nazaridan teleseriallarni telekanallarning badiiy tahlilidan o‘tkazilgandan so‘nggina namoyish qilish maqsadga muvofiq.
Shuningdek, ayolga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tajovuz tasviri aks etgan ushbu lavha ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan keskin tanqid qilinib, salbiy fikr-mulohazalar ifoda etilishiga, shu jumladan, ayrim fuqarolar, mas’ul xodimlarning obro‘sizlanishiga sabab bo‘lgan.
“Sabriya” nomli milliy teleserial bo‘yicha tayyorlangan ekspertiza xulosasi o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqish va huquqiy baho berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga jo‘natilgan.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi “Sevimli” telekanalida efirga uzatilayotgan "Sabriya" serialida axloqsiz sahnalar mavjudligi va bu jamoatchilikning keskin e’tiroziga sabab bo‘lgani ortidan ekspertiza tayinlanganini e’lon qildi. Oradan ko‘p o‘tmay, Prezident Shavkat Mirziyoyevning qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ham “Sabriya” serialini tanqid qildi va hech qaysi filmda ayollarga nisbatan bu qadar nafratni ko‘rmaganini bildirdi.
Ushbu masala kun tartibiga chiqishi ortidan telekanal prodyuseri Amira Rashidova ijtimoiy tarmoqlar orqali munosabat bildirib, “axloqsiz” degan ayblovni qo‘yishdan oldin, kesib olingan kadrning yakunini tushunish uchun filmning yana 3 daqiqasini ko‘rish yetarli” ekanini ma’lum qildi.
Shundan so‘ng, mazkur masalaga O‘zbekiston Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov ham izoh berdi. Unga ko‘ra, “Sabriya” seriali haqiqatan ham badiiy va mazmunan sayoz.
Oradan ko‘p o‘tmay, “Sevimli” telekanali Bosh direktori vazifasini bajaruvchi A.Xo‘jayev va bosh muharrir Q.Saydaliyev lavozimidan ozod etildi. Kanal Kuzatuv kengashi raisi vazifasini bajaruvchi etib jamoatchilik asosida Firdavs Abduxoliqov saylandi. Shuningdek, shu paytga qadar O‘zEOAVMA bosh direktori lavozimida ishlab kelayotgan J.Safoyev kanal bosh direktori vazifasiga tayinlangan.
20 yanvar oqshomida “Sevimli” telekanali bosh prodyuseri Amira Rashidova yana ijtimoiy tarmoqlar orqali bayonot bilan chiqib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyevadan uzr so‘radi.
Shuningdek, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov axloqsizlikni televideniyeda targ‘ib qilishni davlatga xiyonat sifatida baholadi.
Muhokamalar davom etayotganda ishga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi aralashdi va Kinematografiya agentligi shartnomalar tuzilishida va davlat subsidiyasi mablag‘larining taqsimlanishida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilganini ma’lum qildi. Agentlikka ko‘ra, Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov turmush o‘rtog‘i, qizi va o‘g‘li hissador bo‘lgan shirkatga tegishli “Sevimli” telekanaliga davlat buyurtmalarini tendersiz tortiq qilib, bir necha milliard so‘m pul o‘tkazib bergan.
LiveBarchasi