Rossiya kinosanoati kadrlar tanqisligiga uchradi
Madaniyat-san’at
−
01 avgust 2023
6004Gollivudda minglab aktyorlar kinostudiyalar bilan kelishmovchiliklar sabab ishsizlikdan aziyat chekayotgan bir vaqtda Rossiya kino sanoatida serial va ko‘rsatuvlar tanqisligi hamda kinoaktyorlar vakansiyalarining sezilarli darajada ortishi kuzatilmoqda. Bu haqda “Kommersant’” nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi olti oy ichida Rossiya Federatsiyasida aktyorlarning bo‘sh ish o‘rinlari soni 17 foizga, kino ishlab chiqarish bo‘yicha mutaxassislar soni 77 foizga oshdi. Jumladan, grimyorlar, texniklar va operator yordamchilariga talab ortib bormoqda. Mutaxassislarning bildirishicha, yangi kontent ishlab chiqaruvchi onlayn platformalar va telekanallar o‘rtasida kadrlar uchun raqobat kuchaygan.
Yilning birinchi yarmida birgina HyeadHunter portali (onlayn kinoteatrlar va kabel televideniyesi)ning teledasturlar va filmlar ishlab chiqarish sohasidagi bo‘sh ish o‘rinlari soni umumiy hisobda 24 foizga, aktyorlarga talab esa 17 foizga oshgan.
Bildirilishicha, bunday tanqislikka pandemiya davrida onlayn platformalarning seriallarga ommaviy buyurtma berishni boshlagani sabab bo‘lgan. Bu telekanallar va platformalarning telemahsulotlarni birinchi bo‘lib namoyish etishga intilishi va buning uchun yozuvchi va prodyuserlarga katta pul to‘lashiga olib keldi. Natijada ushbu soha vakillarining xizmatlari narxi hozirga kunda ham juda yuqori bo‘lib qolmoqda.
Chill veb-kinoteatrini rivojlantirish bo‘yicha direktor Jan Prosyanovning so‘zlariga ko‘ra, bitta epizod uchun to‘lanadigan narxlar 500-700 ming rublga yetadi.
“Bu deyarli ikki baravar yuqori — bozor muvozanati sharoitida bitta seriyani yozish xizmatlari 300-400 ming rublni tashkil qiladi”, dedi u.
Eslatib o‘tamiz, amerikalik aktyorlar uyushmasi SAG-AFTRA va uning muzokarachilari 12 iyul kuni Gollivud studiyalari bilan kelishuvga erishib bo‘lmagani sabab ish tashlashni tavsiya qildi. Keyinchalik Mualliflar gildiyasi sun’iy intellekt kompaniyalarini ularning mualliflik materiallaridan noqonuniy foydalanganlikda ayblab, to‘lov talab qildi. Ushbu mitinglar fonida aktyor va yozuvchilar film premeralari va tadbirlariga tashrif buyurmay qo‘ydi. Natijada Gollivudning doim yulduzlar bilan gavjum bo‘ladigan festivallari huvillab qoldi. Aktyorlar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan so‘nggi miting kecha, 25 iyul kuni Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tdi.
LiveBarchasi