Ruslar 1,5 oy deganda “Azovstal”ni egalladi

Olam

image
0:00
0:00
download

“Azovstal” zavodi hududi butunlay rus qo‘shinlari nazoratiga o‘tdi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi bayonot berdi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan kun davomida zavodda bo‘lgan 531 kishidan iborat so‘nggi guruh taslim bo‘lgan. So‘nggi bir necha kun ichida jami 2439 kishi qurolini tashlagan.

Rossiya Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, boshqarma boshlig‘i Sergey Shoygu Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga zavodning “to‘liq ozod qilingani” haqida allaqachon ma’lum qilgan.

Idora, shuningdek, Azov qo‘mondoni “ko‘plab vahshiyliklari uchun mahalliy aholi tomonidan hujumgauchramasligi uchun” maxsus zirhli mashinada zavoddan olib chiqilganini qo‘shimcha qilgan.

“Azovstal” zavodida nazoratni ushlab turgan ukrain harbiylari 16 may kuni taslim bo‘lishni boshladi. O‘sha vaqtga qadar, bir yarim oydan ko‘proq vaqt davomida zavod Mariupoldagi rus qo‘shinlariga qarshilik ko‘rsatadigan yagona ob’ekt bo‘lib turdi.

Harbiylarning o‘zlari, taslim bo‘lish boshlanishidan oldin, qo‘mondonlik buyrug‘iga rioya qilayotganini ta’kidladi. Ukraina hukumati “evakuatsiya operatsiyasi”ga ishora qilib, “taslim bo‘lish” iborasidan qochdi va “Azovstal” harbiylari asirga olingan ruslarga almashtirilishini aytdi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

56

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing