Rus qo‘shinlari bir haftada hech qanday muvaffaqiyatga erisholmadi – Zelenskiy

Olam

image

Ukrainaga hujum qilgan Rossiya qo‘shinlari o‘tgan ir haftada maqtangulik natijaga erisholmadi. Kiyev barcha mudofaa chiziqlarini saqlab qolgan. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy navbatdagi videomurojaatida so‘z ochgan.

“Biz bosqinchilar o‘z taktikasini o‘zgartirishga majbur bo‘lishlari uchun turibmiz. Rossiyaning Ukraina shaharlariga raketa va bomba zarbalarini berishi bizning zaminimizda hech narsa qila olmaganliklarini tan olishdir. Mudofaamizning barcha yo‘nalishlari saqlanib qolgan, dushman hech bir strategik yo‘nalishda muvaffaqiyat qozona olmayapti. Ular (Rossiya harbiylari – tahr.) yengilgan, ular halokatga mahkum”, deydi Zelenskiy.

Shuningdek, Ukraina Prezidenti rus harbiylarini o‘z uylariga ketib, rusiyzabonlarni himoya qilishga chaqirgan. 

“Ular bizni ko‘p marta yo‘q qilishni xohlashdi. Ammo qila olmadilar. Biz juda ko‘p narsalarni boshdan kechirdik! Va agar kimdir bularning barchasini yengib o‘tib ham, ukrainaliklar qo‘rqadi, sinadi yoki taslim bo‘ladi deb o‘ylasa - u Ukraina haqida hech narsa bilmaydi. Va unga Ukrainada joy yo‘q.

Uyingizga boring. Rusiyzabonlarni himoya qiling. Butun dunyodagilarni emas, balki o‘z mamlakatingizdagilarni”, deydi Zelenskiy.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainga bosqin

Baholaganlar

78

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing