Rossiyaning urushdagi “B” rejasi ishga tushgani va uning maqsadi ochiqlandi

Olam

image

Joriy yilning 24 fevralidan beri Rossiya Ukrainaga 1200 dan ortiq ballistik, qanotli va tovushdan tez uchadigan raketalarni uchirdi, ulardan 467 tasi aholi turar joylarini nishonga olgan. Bu haqda Ukrainaning BMTdagi doimiy vakili Sergey Kislitsa kecha, 29 mart kuni BMT Xavfsizlik kengashining Rossiyaning Ukrainaga bo‘lgan tajovuziga bag‘ishlangan yig‘ilishida ma’lum qilgan.  

“Dastlabki blitskrig rejasi muvaffaqiyatsizlikka uchragach, rus qo‘shinlari “B” rejasiga o‘tishdi. Bu reja Ukraina siyosiy rahbariyati va xalqini qo‘rqitish uchun butun Ukraina bo‘ylab gumanitar falokat keltirib chiqarish va mamlakatim qishloq xo‘jaligi salohiyatini yo‘q qilishdir”, deydi u.

Kislitsaning ta’kidlashicha, qurollar to‘plami keng va nihoyatda shafqatsizdir. Ularga aholi punktlari va muhim infratuzilmalarni ataylab vayron qilish, butun mamlakat bo‘ylab raketa hujumlari, shaharlarni qamal qilish, gumanitar koridorlar bo‘yicha kelishuvlarni buzish, bosib olingan hududlarda tinch aholiga qarshi terror, shu jumladan, odam o‘g‘irlash va qotillik kiradi. 

Unga ko‘ra, bosqinchilar 30 ga yaqin mahalliy rahbarlar, faollar va jurnalistlarni o‘g‘irlab ketgan. 

“Mariupol Yevropaning yuragida qon oqayotgan yara bo‘lib qolmoqda. Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 5 ming kishi halok bo‘lgan. 150 mingga yaqin aholi qandaydir oddiy yashash sharoitlaridan mahrum bo‘lib, qamalda qolmoqda. Ularni evakuatsiya qilish kerak, lekin tajovuzkorning hududiga emas. Rossiyaning bunga urinishlari nafaqat beadab ikkiyuzlamachilik, balki urush qonunlari va urf-odatlarini, xalqaro gumanitar huquq normalarini qo‘pol ravishda buzishdir. 40 mingga yaqin ukrainalik Rossiya va Belarusga majburan olib ketildi”, degan Kislitsa. 

Qayd etilishicha, rus bosqinchilari Mariupoldan Ukrainaning bosib olinmagan hududiga ketishga urinayotgan evakuatsiya kolonnalarini o‘qqa tutmoqda. 

UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainadagi urush davomida 4,3 million bola ko‘chirilishi kerak bo‘lgan (mamlakatda 7,5 million bola bor), ulardan 1,8 millioni xorijga ketgan. Rossiya hujumlarida kamida 143 nafar bola halok bo‘lgan, 216 nafari yaralangan. 

“Shoshilinch insonparvarlik harakati zarur. Ayni paytda shuni yodda tutish kerakki, Ukrainadagi gumanitar falokat Rossiya harbiy strategiyasining elementi hisoblanadi. Har qanday tashabbus samarali bo‘lishi uchun u Rossiyaning Ukrainaga nisbatan umumiy yondashuvini o‘zgartirishga qaratilgan bo‘lishi kerak, tajovuzkorni gumanitar yo‘lda sherik sifatida jalb qilish bo‘yicha behuda urinishlarga emas”, degan Kislitsa.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

139

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing