Rossiyaning Ukrainaga qozoq qo‘shinlarini yuborishni so‘rashga haqqi yo‘q – TIV
Olam
−
02 mart 2022
16039Rossiyaning Ukrainaga qo‘shin kiritish talabi bilan Qozog‘istonga murojaat qilishga haqqi yo‘q. Bu haqda bugun, 2 mart kuni jurnalistlarga Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Shaxrat Nurishev ma’lum qilgan.
Diplomatning tushuntirishicha, Ukraina Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti majburiyatlari zonasi emas.
Nurishev ayni paytda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokara jarayonini qo‘llab-quvvatlashini bildirib, “ikki davlat rahbariyati bir-birini eshitmayotganini” afsus bilan qayd etdi.
“Muzokaralar natijasini kutamiz”, deydi u.
Shuningdek, u Buyuk Britaniyaning Nur-Sultondagi elchisi Britaniya parlamenti deputati Margaret Xojning nafaqat Rossiyaga, balki Ozarbayjon va Qozog‘istonga ham sanksiyalar joriy etishni taklif qilgan bayonotlari munosabati bilan Qozog‘iston TIVga chaqirilganini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 26 fevral kuni ommaviy axborot vositalarida Rossiyaning eng yaqin ittifoqchilaridan biri bo‘lgan Qozog‘iston Vladimir Putinning Ukrainaga qarshi urushga qo‘shilish iltimosini rad etgani haqida xabarlar tarqalgandi. Unga ko‘ra, Qozog‘iston Rossiyaning Ukrainaga hujum qilishi uchun bahona bo‘lgan Donetsk va Lugansk xalq respubliklarini tan olmasligini bildirgan. AQSH Qozog‘istonning Ukrainadagi urush bo‘yicha bayonotini olqishlagan.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH va Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi