Rossiyani jahon iqtisodiyotidan siqib chiqarish mumkin emas – Putin

Olam

image

Rossiya Federatsiyasi rivojlangan mamlakatlar texnologiyalaridan uzilib qolishni rejalashtirmayapti, ular uni “siqib chiqarish”ga urinmoqda, ammo buning iloji yo‘q. Bu haqda mamlakat Prezidenti Vladimir Putin Yevroosiyo iqtisodiy forumida ta’kidladi.

“Albatta, biz rivojlangan mamlakatlardagi ulkan texnologik afzalliklarni, yuqori texnologiyalarning ustunliklarini tushunamiz. Biz bundan o‘zimizni uzib qo‘ymaymiz. Ular bizni biroz siqib chiqarishni xohlashadi, ammo zamonaviy dunyoda bu noreal, imkonsizdir”, deydi u.

Putinning qo‘shimcha qilishicha, agar Rossiya o‘zini qandaydir devor bilan ajratmasa, Rossiyadek davlatni hech kim ajrata olmaydi. Unga ko‘ra, dunyoda tobora ko‘proq davlatlar mustaqil iqtisodiy siyosat yuritishni istamoqda va yurityapti ham. 

“Rossiya o‘zining yaqin, tabiiy qo‘shnilari bilan, jumladan, Yevroosiyo integratsiyasi doirasida munosabatlarni rivojlantirishga ko‘proq ahamiyat bermoqda”, deydi Putin.

Shuningdek, Prezident Rossiya asosiy sohalarda o‘z suverenitetini ta’minlash uchun eng zarur ishlarni qilishga muvaffaq bo‘lganiga va davom etishiga ishonishini bildirdi.

Putin Ukrainadagi urush tufayli Rossiyaga nisbatan sanksiyalar bosimi mavzusiga to‘xtalar ekan, u Rossiyani yakkalab qo‘ymoqchi bo‘lganlar o‘zlariga zarar yetkazayotganini ta’kidladi.

“Bunday uzoqni ko‘zlamagan siyosat olib borayotgan mamlakatlarning iqtisodiyoti qanchalik barqaror bo‘lmasin, jahon iqtisodiyotining bugungi holati bizning pozitsiyamiz to‘g‘ri va asosli ekanini ko‘rsatmoqda”, deya qo‘shimcha qildi Rossiya yetakchisi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Putin sanktsiyalar bosimi

Baholaganlar

30

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing