Rossiyalik senator Ukrainadagi urushni qoralagan qizidan voz kechdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Rossiyaning Xanti-Mansiysk-Yugra avtonom okrugidan Federatsiya kengashi senatori Eduard Isakov urushga qarshi pozitsiyani egallagan to‘ng‘ich qizi Dianani omma oldida rad etdi. 

U qizi haqidagi OAV materiallariga – “Meduza” va BBC rus xizmati maqolalariga izoh berar ekan Isakov Dianani “sotqin” deb atagan va intervyu uchun pul mukofoti olganini taxmin qilgan.

“U maxsus harbiy operatsiya o‘tkazilishiga, o‘z mamlakati siyosatiga qarshi pozitsiyasini bildirmoqda. Aftidan, u bu ommaviy axborot vositalaridan pul olgan, boshqacha aytganda, u otasini, oilasini, Vatanini sotib, Rossiyani tark etgan. Qizingiz sotqin bo‘lib chiqsa, so‘z topish qiyin”, degan senator o‘zining Telegram-kanalida.

Isakov shuningdek, Dianani uch yoshidan beri tarbiyalamaganini qo‘shimcha qilgan.

“Uning Rossiyaga qarshi pozitsiyasi borligini bilganimdan beri biz aloqa qilmaymiz, men uni ta’minlamayman, uy-joy bermayman. Men ishga boradi, kattalardek hayot boshlaydi, kattalar kabi fikrlaydi deb o‘ylagandim. Va u o‘zini senatorning qizi deb tanishtirib, intervyusini sotish orqali pul ishlashga qaror qildi”, degan Eduard Isakov.

O‘z navbatida, “Meduza” nashri intervyular uchun pul to‘lamasligini, Diana bilan ham shunday ekanini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Federatsiyasi kengashi a’zosi Eduard Isakovning 25 yoshli qizi Diana Isakova ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Ukrainadagi urushga qarshi ekanini bildirib, Rossiyani tark etgandi. U urushga qarshi pozitsiyasini bildirish uchun mamlakatini tark etgan.

“Mamlakatimiz haqida nima deb o‘ylayotganimni ayta olmayman. 24 fevralda urush boshlandi. Men o‘shanda boshdan kechirgan his-tuyg‘ularimni yetkazish juda qiyin. Bu dahshatli edi. Qanaqasiga bunday bo‘lishi mumkin? Odam odamni o‘ldiradi va bu ishni Rossiya qilyapti, men buni qiladigan davlatda yashayman. Men dastlabki ikki kun juda ko‘p yig‘ladim, motam tutdim, go‘yo kimdir vafot etgandek, qaysidir qarindoshimdan ayrilgandek”, deydi Diana Isakova BBC bilan suhbatda.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

20

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing