Rossiyalik oligarxlar YeI sanksiyalarini pisand qilmayapti – OAV
Olam
−
14 iyun 2022
12134Rossiya oligarxlarining sanksiyalar ostida qolgan samolyotlari Yevropa osmonida parvoz qilishda davom etmoqda. Bu haqda “Welt” gazetasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Rossiya olgarxlarining samolyoti sanksiya ostida tushganidan keyin 30 ga yaqin parvozlarni amalga oshirgan.
Jumladan, joriy yilning mart oyi o‘rtalarida Britaniya hukumati Roman Abramovichning do‘sti, “Millhouse” kompaniyasi rahbari, milliarder Yevgeniy Shvidlerning samolyotini qo‘lga olgandi. Hibsga olinishidan oldin samolyot Yevropa Ittifoqi hududida, jumladan Germaniya havo hududida sakkiz marta parvoz qilgan. Shvidlerning samolyoti oxirgi marta 18 mart kuni Gamburgdan Londonga uchgan.
Yana bir rossiyalik oligarx Alisher Usmonovning samolyoti Myunxendan 28 fevral kuni (havo hududi yopilgan kunning ertasiga) havoga ko‘tarilgan. Tadbirkorga tegishli yana bir samolyot bu vaqtda Florensiyadan Toshkentga uchayotgan edi.
Rossiyalik tadbirkor Albert Avdolyanning San-Marinoda ro‘yxatdan o‘tgan va Shveysariya kompaniyasi tomonidan boshqariladigan samolyoti 2 mart kuni Nitssadan Istanbulga uchgan.
Oligarx Viktor Vekselbergga tegishli bo‘lgan va Lyuksemburgda ro‘yxatdan o‘tgan samolyot ham aprel oyida Yevropani tark etishga muvaffaq bo‘lgan. Samolyot Bazeldan havoga ko‘tarilib, Yevropa Ittifoqi havo hududini kesib o‘tib, Qozog‘iston poytaxti Nur-Sultonga qo‘ngan.
Bundan tashqari, milliarder Aleksandr Zanadvorovning vertolyoti Fransiya bo‘ylab parvoz qilmoqda. Vertolyot sanksiyalar joriy etilganidan beri kamida sakkiz marta havoga ko‘tarilgan.
Biznes-jet va vertolyotlarning parvoz qilishda davom etishi ularning Rossiyadan tashqarida ro‘yxatdan o‘tgani va qog‘ozda ushbu mamlakat kompaniyalariga tegishli emasligi bilan izohlanadi. Mulkchilik tuzilmasida shaffoflikning yo‘qligi oligarxlar uchun ofshor kompaniyalar va firibgar kompaniyalar orqali samolyotlarni nazorat qilishni qiyinlashtiradi.
Ma’lumot o‘rnida, Yevropa Ittifoqi Rossiya Ukrainada urush boshlaganidan so‘ng Moskvaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar doirasida havo hududini yopdi. Yevropa Ittifoqi va AQSH bir qator rossiyalik tadbirkorlarning aktivlari muzlatib, yaxtalar va samolyotlarini musodara qildi va ularning Yevropa davlatlariga kirishini taqiqladi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi