Rossiyaga qarshi sanksiyalar baribir joriy qilinardi – Putin
Olam
−
11 mart 2022
15249Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlamaganda ham g‘arb davlatlari Moskvaga qarshi sanksiyalar joriy qilgan bo‘lardi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin hukumat yig‘ilishida shunday fikr bildirdi.
“Nima bo‘lgan taqdirda ham. O‘tgan ko‘p yillar davomida ular qanday joriy qilingan”, degan u.
Prezident Putin SSSR parchalanganidan keyin ham unga qarshi ko‘plab choralar saqlanib qolganini eslatgan.
“Ular Rossiya Federatsiyasiga nisbatan ham shunday harakat qilishdi, cheksiz. Faqat Sovet Ittifoqi davridagi barcha Sovet Ittifoqi respublikalari olgan oldingi kreditlar uchun to‘lovchni mamnuniyat bilan olishardi”, deya qo‘shimcha qilgan Putin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, har doim sanksiyalar bosimi bo‘lgan, ammo hozir bu anchagina murakkab xaraterga ega bo‘ldi.
“Ammo biz qiyinchiliklarni o‘tgan yillarda qanday yenggan bo‘lsak, endi ham ularni yengib o‘tamiz. Biz bu davrni boshdan kechirishimiz kerak. Iqtisodiyot, albatta, yangi vaziyatga moslashadi”, degan u.
Putin, shuningdek, import o‘rnini bosish barcha yo‘nalishlarda davom etishini, bu esa oxir-oqibat Rossiya mustaqilligini oshirishga olib kelishini ta’kidladi.
“Siz va men yaxshi bilamizki, ko‘plab davlatlar allaqachon bellarini egib yashashga va o‘z suverenining barcha qarorlarini xushmuomalalik bilan qabul qilishga moslashgan. Rossiya bunday holatda, baxtsiz va xo‘rlangan davlat sifatida mavjud bo‘lishi mumkin emas. Bularning barchasi ertami-kechmi sodir bo‘lishi kerak edi. Bu hozir sodir bo‘ldi”, degan Prezident.
Putin iqtisodiyotda belgilangan maqsadlar amalga oshishiga ishonch bildirdi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi