Rossiyada Ukrainaga tajovuzni bosqin, hujum yoki urush deb atash taqiqlandi
Olam
−
26 fevral 2022 9140 3 daqiqa
Rossiyaning Aloqa, axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiyalarni nazorat qilish federal xizmati (“Roskomnadzor”) 10 ta ommaviy axborot vositasiga Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiyani bosqin, hujum yoki urush deb atashni taqiqladi. Shunday atab xabar e’lon qilganlarini esa jarimaga tortishni boshladi.
“Roskomnadzor” taqiqi “Exo Moskvi”, “InoSMI”, “Mediazona”, “The New Times”, “Dojd”, “Svobodnaya Pressa”, “Krim.Realii”, “Novaya gazeta”, “Jurnalist”, “Lenizdat” nashrlariga taalluqli bo‘lgan.
“Roskomnadzor”ning ta’kidlashicha, ushbu nashrlar Rossiya qo‘shinlari tomonidan Ukraina shaharlarining o‘qqa tutilgani va Ukrainada tinch aholining o‘limiga oid “noto‘g‘ri, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lmagan, haqiqatga mos kelmaydigan ma’lumotlar”ni tarqatgan. Shuningdek, davom etayotgan harbiy operatsiyani “hujum”, “urush” va “bosqin” deb atalgan materiallarni chop etgan.
Agar nashrlar ushbu ma’lumotlarni olib tashlamasa, “Roskomnadzor” ularni blokirovka qilish bilan tahdid qilyapti. Bundan tashqari, mazkur ommaviy axborot vositalari besh million rublgacha jarimaga tortilishi mumkin.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr