Rossiya “zek”larni ham Ukrainadagi urushga torta boshladi – OAV

Olam

image

Rossiyada Ukraina hududidagi jangovar harakatlarda qatnashishi uchun tergov hibsxonasida saqlanayotgan gumonlanuvchi va sudlanuvchilarni jalb qilish boshlandi. Bu haqda huquq faoli va “Rus sidyaaya” jamg‘armasi asoschisi Olga Romanova ma’lum qildi, deb xabar berdi “Meduza”.

Romanovaning so‘zlariga ko‘ra, jinoyat ishlari to‘xtatilmoqda. Huquq himoyachisi Moskva viloyatidagi bir nechta tergov hibsxonalaridagi aniq holatlar haqida ma’lumotga egaligini ta’kidlagan, biroq bu “hamma joyda boshlanganini” taxmin qilgan.

Gulagu.net loyihasi asoschisi Vladimir Osechkin bunday amaliyot mavjudligini tasdiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, loyihaning ishonch telefoniga Moskva va mintaqada, Sankt-Peterburg, Ryazan, Tver va Bryanskda shu kabi holatlar haqida ma’lumot kelib tushgan.

Iyul oyi boshida ommaviy axborot vositalarida “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi (XHK) Rossiya koloniyalaridagi mahbuslarni yollayotgani haqida xabarlar paydo bo‘la boshladi. “Rusi sidyaey” va “Verstki” ma’lumotlariga ko‘ra, xususiy harbiy kompaniya vakillari mamlakatning 13 mintaqasidagi 21 koloniyaga yollanma askar qidirib borgan.

“Mediazonaning xabar berishicha, “Vagner” XHK egasi deb hisoblanuvchi tadbirkor Yevgeniy Prigojin koloniyadagi mahbuslarni urushga jalb qilish uchun shaxsan o‘zi borgan. Harbiy harakatlarda ishtirok etish evaziga mahbuslarga 100 ming rubl miqdorida maosh, mukofotlar, vafot etgan taqdirda oilasiga to‘lovlar va keyinchalik amnistiya taklif qilingan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

36

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing