Rossiya yil oxirigacha Xersonni o‘ziga qo‘shib olishi mumkin

Olam

image

Ukrainaning Rossiya tomonidan egallangan Xerson viloyati joriy yil oxiriga RF sub’ektiga aylanishi mumkin. Buning uchun referendum o‘tkazilishi kutilmoqda. Bu haqda TASSga mintaqaning Rossiya tomonidan tayinlangan harbiy-fuqarolik ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Kirill Stremousov ma’lum qildi.

“Bu yil davomida bizda referendum o‘tkaziladi. Va referendum natijalariga ko‘ra, RFga qabul qilinishimiz uchun Rossiya Federatsiyasi rahbariyatiga murojaat bo‘ladi”, degan u.

Stremousovning ta’kidlashicha, mintaqada yil oxiriga qadar Rossiya Federatsiyasi sub’ekti bo‘lishni kutishmoqda.

Ma’muriyat vakili Xerson viloyati aholisining aksariyati mintaqaning Rossiya Federatsiyasiga kirishini qo‘llab-quvvatlashiga ishonch bildirdi.

“Rossiya bizga kelajakka, an’anaviy istiqbolli kelajagimizga ega bo‘lish imkonini beradigan davlatdir. Ukraina G‘arbning o‘ziga xos loyihasi sifatida davlat o‘laroq shakllana olmadi”, deya qo‘shimcha qilgan Stremousov.

Xerson viloyati Ukrainaning janubida, Qrim Respublikasi bilan chegarada joylashgan. Joriy yilning mart oyida Rossiya Mudofaa vazirligi viloyat to‘liq egallanganini e’lon qildi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

12

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing