Rossiya yadroviy xavfsizlik bo‘yicha shartnomani imzolashdan bosh tortdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Rossiya Federatsiyasi Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma konferensiyasining yakuniy hujjati bo‘yicha kelishuvni blokladi. Hujjatda Energodardagi atom elektr stansiyasining rus harbiylari tomonidan bosib olinishi tanqid qilingandi. Bu haqda “Associated Press” xabar bermoqda.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Yadro qurollarini tarqatmaslik va nazorat qilish departamenti direktori o‘rinbosari Ivan Vishnevetskiy afsus bilan bu hujjat bo‘yicha konsensus yo‘qligini aytib o‘tgan. Uning ta’kidlashicha, ko‘plab mamlakatlar hujjat loyihasidagi “bir qator masalalar”ga rozi emas.

Qayd etilishicha, hujjatda Zaporoje AES kamida uchta marta eslatilgan. Unda xavfsizlik, stansiyadagi jangovar harakatlar va Ukraina hukumati ob’ekt ustidan nazoratni yo‘qotganidan “jiddiy xavotir” bildirilgan. Loyihada MAGATE missiyasining stansiyaga tashrif buyurish sa’y-harakatlari qo‘llab-quvvatlangan.

Yakuniy hujjatni yadroviy qurolni tarqatish va yakunda usiz tinchlikka erishishga qaratilgan konferensiyaning barcha ishtirokchi davlatlari qo‘llashi talab etiladi.

Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma konferensiyasi har besh yilda bir marta o‘tkaziladi. 2020 yilda COVID-19 pandemiyasi sabab yig‘in o‘tkazilmagandi. Qayd etish kerakki, shartnomaga a’zo 191 davlat konferensiyasi birinchi marta yakuniy shartnomasiz tugayotgani yo‘q. 2015 yilda ham ishtirokchilar yig‘inni hujjatsiz tugatgan. Bunga o‘sha vaqtda Yaqin Sharqda ommaviy qirg‘in qurollaridan holi zonalarni tashkil etish borasida fikrlar qarama-qarshi kelgani sabab bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya mart oyi boshida ZAESni egallab oldi, shundan keyin ukrainalik xodimlar stansiyada ishlashda davom etdi. 5 avgust kuni ukrain matbuoti ruslar ZAESga to‘rt marta o‘q uzgani haqida xabar berdi. So‘nggi kunlarda elektr stansiyasi muntazam ravishda o‘qqa tutilmoqda, bunda Rossiya va Ukraina bir-birini ayblamoqda. Rasmiy Moskvaga ko‘ra, Ukraina bo‘linmalari tomonidan Zaporoje atom elektr stansiyasining o‘qqa tutilishi yadroviy terrorizm akti va bu Chernobildan ham kattaroq falokatga olib kelishi mumkin.

Zaporoje Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi bo‘lib, u Ukrainadagi barcha elektr energiyasining chorak qismini ishlab chiqaradi. Qariyb 6 ming megavatt quvvatga ega ushbu inshoot oltita energiya blokidan iborat. Hozirda atom elektr stansiyasi to‘liq quvvatining 70 foizida ishlaydi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya

Baholaganlar

18

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing