Rossiya aeroportlarida dron xavfi tufayli parvozlar cheklandi
Olam
−
05 yanvar
7734Bugun, 5 yanvar kuni Qozon, Nijnekamsk, Ijevsk va Perm aeroportlarida reyslarni qabul qilish va jo‘natish bo‘yicha vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Federal havo transporti agentligi cheklovlarning kiritilishini fuqarolik samolyotlarining parvozlari xavfsizligini ta’minlash bilan izohladi. Moskva vaqti bilan soat 10:48 da Ijevsk aeroportida cheklovlar olib tashlangani ma’lum bo‘ldi. Bir necha daqiqadan so‘ng Qozon, Nijnekamsk, keyin esa Perm aeroportlari haqida xuddi shunday xabarlar paydo bo‘ldi.
Shunga o‘xshash cheklovlar turli mintaqalarda muntazam ravishda kiritiladi, odatda dron hujumlari tahdidi bilan bog‘liq. Gap chegarani noqonuniy kesib o‘tish yoki havodagi noma’lum narsalar tufayli joriy etiladigan “Gilam” rejasi haqida bormoqda.
Bunday cheklovlar Qozon aeroportida oxirgi marta 2 yanvarga o‘tar kechasi kiritilgan edi. Shu bilan birga, Kaluga, Penza, Saransk, Saratov va Ulyanovsk aeroportlarida parvozlar cheklandi.
Rossiya Mudofaa vazirligi 5 yanvar kuni ertalab bir kechada beshta hududda 61 ta dron yo‘q qilingani haqida xabar berdi. 37 ta dron Rostov viloyati, yana 20 tasi Bryansk viloyati, ikkitasi Voronej viloyati, bittadan Belgorod va Oryol viloyatlari ustidan urib tushirilgan. Xususan, Rostov viloyatida Taganrog shahri va oxirgi bir oy ichida uchinchi marta – Millerovo harbiy aerodromiga hujum uyushtirilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning 27 dekabr kuni Rossiyaning bir qator aeroportlarida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida vaqtinchalik cheklovlar joriy etilgandi.
LiveBarchasi