Rossiya va Ukraina muzokaralarning uchinchi raundida nimaga erishdi?
Olam
−
08 mart 2022
16050Kecha, 7 mart kuni Belarusning Belovej o‘rmoni hududida Rossiya-Ukraina delegatsiyalarining navbatdagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv deyarli uch soat davom etdi.
Muzokaralar natijalariga ko‘ra, Ukraina delegatsiyasi a’zosi Mixail Podolyak tomonlar sezilarli natijalarga erishmaganini aytdi.
“Muzokaralarning uchinchi raundi yakunlandi. Gumanitar koridorlarning logistikasini yaxshilashda ijobiy siljish bor. O‘t ochishni to‘xtatish va xavfsizlik kafolatlari bilan birga kelishuvning asosiy siyosiy bloki bo‘yicha intensiv maslahatlashuvlar davom etdi”, deb yozgan u Twitter’da.
Rossiya delegatsiyasi rahbari, Prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy ham muzokaralar yakuni bo‘yicha fikr bildirib, gumanitar yo‘lak masalasi uzoq muhokama qilinganini aytgan.
Shuningdek, u Rossiya muzokaralarda Ukraina bilan hech bo‘lmaganda bayonnoma imzolashga umid qilganini, biroq bu ham amalga oshmaganini qo‘shimcha qilgan.
“Ijobiy o‘zgarish haqida gapirishga erta. Biz hujjatlar loyihalari bilan kelgandik. Ukraina tomoni uni o‘rganish uchun olib ketdi, imzolash imkoni bo‘lmadi. Muzokaralardan kutgan natijamizga erishmadik, ammo ularni davom ettiramiz”, degan Medinskiy.
Ma’lumot o‘rnida, Rossiya-Ukraina muzokaralarining ikkinchi raundi 3 mart kuni Belovejda, birinchi raundi 28 fevral kuni Belarusning Gomel viloyatida bo‘lib o‘tdi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi