Rossiya va Ukraina gumanitar yo‘laklarni ochmoqda

Olam

image

Rossiya tomoni “sukunat rejimi”ni e’lon qilib, 8 mart kuni Moskva vaqti bilan soat 10:00 dan boshlab Ukrainada gumanitar koridorlarni taqdim etishga tayyor. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Milliy mudofaa nazorati markazi negizida tashkil etilgan Ukrainadagi gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha Rossiya Federatsiyasining idoralararo muvofiqlashtiruvchi shtabida ma’lum qilindi.

“2022 yil 8 mart kuni soat 10:00 dan (Moskva vaqti bilan) Rossiya Federatsiyasi sukunat rejimini e’lon qiladi va gumanitar yo‘laklarni taqdim etishga tayyor: Kiyev va unga tutash aholi punktlaridan Rossiya Federatsiyasiga Belarus Respublikasi hududi orqali Gomelgacha. Ukraina tomoni bilan kelishilgan holda”, deyiladi bayonotda.

Shuningdek, Chernigovdan Belarus hududi orqali, Sumi shahridan ikki yo‘nalish bo‘yicha Poltava va Rossiya hududiga, Xarkovdan Rossiya hududiga yoki Lvov, Ujgorod, Ivano- Frankovskga gumanitar yo‘laklar ochiladi. Shuningdek, Mariupoldan Rossiya hududiga va Zaporojega ikki yo‘nalish bo‘ylab gumanitar yo‘lak ochiladi.

Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari Irina Vereshchuk Kiyev ham bugun, 8 mart kuni Sumidan Poltavaga gumanitar yo‘lak bo‘ylab harakatlanishni ta’minlashga tayyorligini e’lon qildi.

Ukraina harbiylari Kiyev vaqti bilan soat 9:00 dan 21:00 gacha (Moskva vaqti bilan 10:00 dan 22:00 gacha) sukunat rejimini joriy qildi. Gumanitar yo‘lak bo‘ylab harakat Kiyev vaqti bilan ertalab soat 10:00 da (Moskva vaqti bilan 11) boshlanadi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

13

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing