Rossiya urushdagi ustunlikni boy berdi – ISW

Olam

image

Ukraina Qurolli Kuchlarining Xerson viloyatini Rossiyadan qaytarib olish uchun tayyorgarlik ko‘rib, dastlabki qarshi hujumlarni boshlashi, umuman olganda, rus qo‘shinlarining keskin zaiflashuvi rasmiy Kiyevga birinchi marta urushning borishini faol ravishda belgilashga imkon berdi. Bu xaqda Amerika urushni o‘rganish instituti (ISW) navbatdagi bayonotida ma’lum qildi.

Institut xulosasiga ko‘ra, Ukraina strategik tashabbusni o‘z qo‘liga olmoqda. Oqibatda Rossiya Ukrainaning qarshi hujumlariga javoban kuchlarini qayta taqsimlashga va ustuvorliklarini o‘zgartirishga majbur bo‘lmoqda.

Rossiya armiyasi Xerson va Zaporoje viloyatlariga ko‘proq shaxsiy tarkib hamda texnikalarni olib o‘tishi oqibatida Slavyansk va Severskni qo‘lga kiritish murakkablashmoqda. Shuningdek, Rossiya Ukrainaning boshqa mintaqalaridan Qrimga harbiy texnikasini, xususan, artilleriya va aviatsiyasini olib o‘tmoqda.

ISW'ning qayd etishicha, Rossiya kuchlari Lugansk viloyatini egallashga ustuvor ahamiyat berish uchun Xarkovda hujum operatsiyalarini allaqachon to‘xtatgan edi. 

Harbiy tahlilchilarning yozishicha, endilikda, rus qo‘shinlari o‘z kuchlarini yo‘naltirish uchun ataylab nishon tanlamayapti, balki Ukrainaning Xerson viloyatidagi qarshi hujumni xavfini qaytarishga urinyapti.

Mutaxassislar fikricha, Ukraina kuchlari Rossiyaning Kiyevni egallashga urinishlarini to‘xtatgandan keyin ham, rus armiyasi sharqdagi operatsiyalarni qayerga yo‘naltirishni tanlashda erkin edi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Muhayyoxon Habibullayeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

51

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing