Rossiya Ukrainaning qurol omborini “Kalibr” bilan urdi
Olam
−
15 iyun 2022
13190Rossiya Qurolli Kuchlari “Kalibr” qanotli raketalari yordamida Lvov viloyatida NATO davlatlari tomonidan Ukrainaga yetkazilgan qurollar uchun o‘q-dorilar omborini yo‘q qildi. Bu haqda bugun, 15 iyun kuni Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi rasmiy vakili, general-leytenant Igor Konashenkov ma’lum qildi.
“Lvov viloyati, Zolochev aholi punkti yaqinida yuqori aniqlikdagi uzoq masofali “Kalibr” raketalari Ukrainaga NATO mamlakatlari tomonidan yetkazib berilgan xorijiy qurollar, jumladan 155 millimetrlik M777 gaubitsalar uchun o‘q-dorilar saqlanyotgan omborini yo‘q qildi”, deydi Konashenkov.
“Kalibr” (NATO tasnifiga ko‘ra SS-N-27 Sizzler) –Yekaterinburgdagi “Novator” konstruktorlik byurosi (“Almaz-Antey” VKO konsernining bir qismi) tomonidan ishlab chiqilgan va seriyali ishlab chiqarilayotgan Rossiya qanotli raketasi.
Kompleks 2012 yilda Rossiya dengiz flotiga foydalanish uchun topshirilgan. Raketalar Rossiya Qurolli Kuchlarining Suriyadagi harbiy amaliyotida birinchi marta amalda qo‘llangan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi