Rossiya Ukrainaning qancha askarini yo‘q qilgani ochiqlandi

Olam

image

Rossiyaning Ukrainaga hujumi davomida 14 000 ukrain harbiylari halok bo‘lgan. Bu haqda Rossiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, general-polkovnik Sergey Rudskoy ma’lum qilgan.

General-polkovnikka ko‘ra, bir oy davomida Ukraina harbiylari o‘rtasidagi yo‘qotishlar taxminan 30 ming kishini tashkil etgan, shu jumladan 14 mingdan ortig‘i halok bo‘lgan va 16 mingga yaqini yarador yoki kasal, vaqtincha jangovar qobiliyatini yo‘qotgan.

Aytish joizki, Kiyev joriy yilning 12 mart kuni ukrainalik harbiylar o‘rtasidagi yo‘qotishlar haqidagi ma’lumotlarni taqdim etgandi. 

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha paytda Rossiya harbiy harakatlar boshlanganidan beri 1,3 ming askar halok bo‘lgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi esa urush boshlanganidan beri Ukrainaning 261 ta uchuvchisiz samolyoti, 204 ta zenit-raketa majmuasi, 1587 ta tank va boshqa jangovar zirhli texnikasi, 163 ta RSZO, 636 ta dala artilleriyasi va minomyotlari yo‘q qilinganini ma’lum qilgandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

108

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing