Rossiya Ukrainaning qancha hududini egallab olgani ma’lum bo‘ldi

Olam

image

Rossiya Ukraina hududining qariyb 20 foizini bosib oldi. Bu haqda “Forbes” xabar berdii.

Nashrning qayd etishicha, 23 fevral holatiga ko‘ra, 43,300 kv. km yoki Ukraina hududining 7 foizi Rossiya tomonidan egallab olingandi. Hozir bu maydon 2,9 barobar ko‘paydi. Endi u 125 000 kvadrat km.ga teng.

2014 yildan beri Rossiya armiyasi Ukrainaning shunchalik ko‘p yerlarini egallab oldiki, ularning umumiy maydoni Vengriya va Bolgariyaning birlashgan hududidan oshib ketdi. Ishg‘ol qilingan hudud bo‘yicha rekord 2022 yilga to‘g‘ri keldi. Vaqtinchalik nazorat qilinmaydigan hududlarga Qrim avtonom respublikasi, Donetskning bir qismi, Lugansk, Xarkov, Xerson, Zaporoje viloyatlari va Sevastopol shahri kiradi.

Urush yillarida Ukraina Qurolli Kuchlari Kiyev, Chernigov, Sumi, Nikolayev va Jitomir viloyatlarini rus bosqinchilaridan butunlay ozod qildi. Ukrainaning butun hududi 603 548 kv. kmga teng.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

77

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing