Rossiya Ukrainaning elektron razvedka markazini yo‘q qildi
Olam
−
26 may 2022
11807Rossiya harbiylari Ukrainaning Nikolayev viloyatidagi elektron razvedka markaziga yuqori aniqlikdagi havodan uchiriladigan raketalar bilan zarba berdi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lum qilmoqda.
“Nikolayev viloyatining Dneprovskoye posyolkasi hududida Ukraina elektron razvedka markazi, shuningdek jangovar ekipajning 11 nafar harbiy xizmatchisi va muhandislik-operativ qo‘riqlash xodimlari bilan kelgan 15 nafar xorijiy mutaxassislar yo‘q qilindi”, deyiladi xabarda.
Rossiya raketalari, shuningdek tan olinmagan Donetsk xalq respublikasining Nikolayevka va Berestovoye tumanlaridagi ikkita artilleriya batareyasi va ikkita o‘q-dori omboriga zarba bergan.
Bundan tashqari, Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari Xarkov viloyatida Ukrainaning Mi-24 vertolyotini va Odessa viloyatida harbiy transport samolyotini urib tushirgan.
Xerson, Xarkov viloyatlari va tan olinmagan Lugansk xalq respublikasi viloyatlarida Ukrainaning 13 ta uchuvchisiz uchish apparati hamda Sovet Ittifoqida ishlab chiqarilgan ikkita Tu-143 “Reys” samolyoti yo‘q qilingan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi