Rossiya Ukrainani abadiy yo‘qotdi – Zelenskiy
Olam
−
16 aprel 2022
18245Rossiya Ukraninani butunlay yo‘qotdi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy xalqiga videomurojaatida shunday bayonot bilan chiqdi.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, Rossiyaning muammosi shundaki, butun Ukraina xalqi uni qabul qilmayapti va hech qachon qabul qilmaydi.
“Rossiya qo‘shinlarining Azov mintaqasini, Donbassni, Xarkovni bosib olish uchun qilayotgan shafqatsizligi bu hududlarning va bu odamlarning kelajakda bu davlat bilan aloqada bo‘lish imkoniyatlarini tugatadi. Rossiya Ukrainani abadiy yo‘qotdi. Rossiya butun dunyoni yo‘qotdi. Uni endi hech qayerda qabul qilishmayapti”, deya qo‘shimcha qildi Ukraina Prezidenti.
Zelenskiy 918 ta aholi punkti rus bosqinchilaridan ozod qilingani, 338 tasida gumanitar shtablar ish boshlagani, minalardan tozalash ishlari olib borilayotgani, elektr, suv va gaz ta’minoti tiklanayotganini qo‘shimcha qilgan. Politsiya, pochta, davlat va mahalliy hokimiyat organlarining ham ishi tiklangan.
Vladimir Zelenskiy butun dunyoni Rossiya energiya resurslaridan voz kechishga chaqirdi.
“Demokratik dunyo Rossiyaga qarshi neft embargosi va uning bank sektorini to‘liq blokirovka qilish tinchlik sari majburiy qadam ekanligini qanchalik tez tan olsa, urush shunchalik tezroq tugaydi. Demokratik dunyo Rossiyaning energiya resurslari uchun pullari aslida demokratiyani yo‘q qilishga ajratilgan mablag‘ ekaniga qaror qilishi kerak”, degan Zelenskiy.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi