Rossiya Ukrainadagi tibbiyot muassasalariga 64 marta hujum qilgan – JSST
Olam
−
24 mart 2022
3854Rossiya Qurolli kuchlari tomonidan hujumlar boshlanganidan beri Ukrainadagi sog‘liqni saqlash muassasalariga kamida 64 ta hujum uyushtirilgan. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ushbu hujumlar natijasida 15 kishi halok bo‘lgan, 37 kishi yaralangan.
Tashkilotga ko‘ra, urush natijasida 7 millionga yaqin odam o‘z uyini tashlab, boshqa shaharlarda qo‘nim topgan, ichki migratsiyaga uchragan har uchinchi kishi surunkali kasallikka chalingan.
“Butun mamlakat bo‘ylab 1000 ga yaqin tibbiyot muassasalari mojaro zonasida qolmoqda, shuning uchun ko‘plab bemorlarni davolash sekinlashmoqda”, deyiladi JSST bayonotida.
Hujjatda urush Ukrainada COVID-19 ga qarshi kurashni to‘xtatgani aytiladi.
Agar urush boshlanishidan oldin mamlakatda har kuni kamida 50 ming kishi emlangan bo‘lsa, 24 fevraldan 15 martgacha bor-yo‘g‘i 175 ming kishi koronavirusga qarshi emlangan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi