Rossiya Ukraina urushida muvaffaqiyatsizlikka uchradi – Olaf Shols
Olam
−
26 may 2022
10317Rossiyaning Ukrainaga bosqinchilik urushi muvaffaqiyatsiz bo‘ldi. Bu haqda bugun, 26 may kuni Germaniya kansleri Olaf Shols Davosdagi Jahon iqtisodiy forumidagi nutqida aytib o‘tdi.
“Hozirda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘zining barcha strategik maqsadlarini barbod qildi. Bugun Rossiya butun Ukrainani qo‘lga kiritish urush boshidagidan ko‘ra kamroq imkoniyatga ega”, deydi Olaf Shols.
Shu bilan birga, Sholsning so‘zlariga ko‘ra, Putin NATO, Yevropa Ittifoqi va G7 davlatlarining “birdamligi va qudratini” yetarlicha baholamagan.
“Maqsad mutlaqo aniq – Putinning o‘z urushida g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Men u g‘alaba qozonmasligiga ishonchim komil”, deydi GFR kansleri.
Shuningdek, u Rossiya Prezidentining hukmronlik haqidagi da’volariga qarshi chiqishga chaqirdi.
“Putinga diktatura sharoitida tinchlik bo‘lmasligini aniq ko‘rsatish lozim. Ukraina ham, biz ham buni qabul qilmaymiz”, deydi Shols.
O‘z nutqida kansler GFR hozirda birinchi marta urush hududiga qurol yetkazib berayotganini ham ta’kidladi.
“Putin Ukraina mudofaasini sindira olmasligini tushunsagina, jiddiy tinchlik muzokaralarini olib boradi”, deydi u.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
Kamronbey Kenjayev
LiveBarchasi