Rossiya Ukraina armiyasiga qancha zarar yetkazganini e’lon qildi
Olam
−
07 mart 2022
19922Rossiyaning Ukrainaga hujumi davomida umumiy hisobda 2396 ta harbiy infratuzilma ob’ekti yo‘q qilingan. Bu haqda 7 mart kuni Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy vakili general-mayor Igor Konashenkov ma’lum qildi.
“Operatsiya davomida Ukrainaning 2396 ta harbiy infratuzilma ob’ekti yo‘q qilindi. Ular orasida Ukraina Qurolli Kuchlarining 82 ta boshqaruv punkti va aloqa markazlari, 119 ta S-300, “Buk-M1” va “Osa” zenit-raketa komplekslari, shuningdek, 76 ta radar stansiyalari bor”, degan u.
Unga ko‘ra, 827 ta tank va boshqa zirhli jangovar texnika, 84 ta ko‘p sonli raketa tizimi, 304 ta dala artilleriyasi va minomyotlari, 603 ta maxsus harbiy texnika, shuningdek, 78 ta uchuvchisiz uchish apparati ham yo‘q qilingan.
Bundan tashqari, departamentning ta’kidlashicha, Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari Ukraina Harbiy-havo kuchlarining Poltava viloyatida 3 ta Su-27 qiruvchi samolyoti, Gostomel viloyatida bitta Su-25 hujumchi samolyoti va Makarov viloyatida 2 ta Mi-24 vertolyoti hamda 8 ta uchuvchisiz havo vositalari, jumladan Bayraktar TB-2 ni yo‘q qilgan.
“Rossiya Aerokosmik kuchlarining bombardimonchi va hujumchi samolyotlari Ukraina Qurolli Kuchlarining 3 ta Buk-M1 zenit-raketa majmuasi va 2 ta radar stansiyasini urib tushirdi”, degan Rossiya Mudofaa vazirligi vakili.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi