Rossiya Odessaga raketalar bilan zarba berdi

Olam

image

Rossiya Qurolli Kuchlari yuqori aniqlikdagi raketalari bilan Odessa yaqinidagi horijiy qurollar saqlanadigan harbiy aerodromdagi logistikaga zarba berdi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi rasmiy vakili general-mayor Igor Konashenkov ma’lum qildi.

“Bugun (23 aprel) kunning ikkinchi yarmida Rossiya Aerokosmik kuchlarining yuqori aniqlikdagi uzoq masofali havodan uchiriladigan raketalari Odessa yaqinidagi harbiy aerodromdagi logistika terminalini ishdan chiqardi. U yerda AQSH va Yevropa davlatlaridan olingan xorijiy qurollarning katta partiyasi saqlanadi”, deydi Konashenkov. 

Konashenkovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari kun davomida Rossiya Aerokosmik kuchlarining yuqori aniqlikdagi havo-desant raketalari bilan Ukrainaning 22 harbiy ob’ektiga zarba bergan, oqibatda 200 ga yaqin harbiylar halok bo‘lgan.

"Kun davomida Ukrainaning 22 ta harbiy ob’ekti Rossiya Aerokosmik kuchlarining yuqori aniqlikdagi havo raketalari, shu jumladan batalonning ikkita qo‘mondonlik va kuzatuv punkti hamda brigadaning bitta qo‘mondonlik punkti, 11 ta  tayanch qo‘mondonlik punkti, shuningdek Ukraina Qurolli kuchlarining ishchi kuchi va harbiy texnikasi joylashgan yerlarga zarba berildi. Ukrainaliklarning yo‘qotishlari 200 nafar shaxsiy tarkib va 30 dan ortiq zirhli texnika va avtomobilni tashkil qildi”, deydi general-mayor. 

Unga ko‘ra, Ilichevka va Kramatorsk tumanlarida qurol-yarog‘, harbiy texnika va o‘q-dorilar saqlanadigan uchta ombor yo‘q qilingan. Shuningdek, Rossiya Aerokosmik kuchlarining samolyotlari Ukrainaning 79 ta harbiy ob’ektiga, jumladan, uchta Buk-M1 kompleksi va bitta “Tor” zenit-raketa kompleksiga zarba bergan. 

“Rossiya Aerokosmik kuchlarining tezkor-taktik va armiya aviatsiyasi Ukrainaning 79 ta harbiy ob’ektiga zarba berdi. Ular orasida oltita qo‘mondonlik punkti, 52 ta ishchi kuchi va Ukraina harbiy texnikasi to‘plangan hudud, shuningdek 16 ta raketa va artilleriya, qurol, o‘q-dori hamda yoqilg‘i ombori bor", deya qo‘shimcha qildi Konashenkov. 

General-mayorning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari Izyum va Xerson aholi punktlari hududlarida Ukrainaning uchta uchuvchisiz uchish apparatini, jumladan, Xarkov viloyatining Lozovaya aholi punkti ustidagi bitta Bayraktar TB-2 dronini ham yo‘q qilgan.

Ukraina tomoni o‘z navbatida, Odessaga hujum chog‘ida qabristonga raketa kelib tushganini ma’lum qilgan. Oqibatda qabristonning 1 000 kvadrat metrdan ko‘proq maydoni vayron bo‘lgan.

Shuningdek, Odessa aviazarba ostida qolishi sabab 5 kishi halok bo‘lgan, 18 kishi jarohatlangan. Halok bo‘lganlar orasida chaqaloq ham bor.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

220

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing