Rossiya Nikolayevga yettita raketa bilan zarba berdi

Olam

image

Rossiya harbiylari Ukraina janubidagi Nikolayev shahriga raketadan zarba berdi. Shaharga jami yettita raketa uchirilgan. Bu haqda UNIAN xabar berdi.

Qayd etilishicha, havo hujumi oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, ikki nafari jarohatlangan. Shuningdek, ikki korxona va bir qancha ko‘p qavatli uy zarar ko‘rgan.

“Ayni paytda hududda yoqilg‘i-moylash materiallari mavjud bo‘lgan ikkita xususiy korxona talafot ko‘rgani haqida ma’lumotlar bor. Bitta maktab shikastlangan: derazalari singan, tomi zarar ko‘rgan va beshta ko‘p qavatli uy ... ularning kirish eshiklari, derazalari vayron bo‘lgan”, deydi shahar rahbari Aleksandr Senkevich hodisa haqida ma’lumot berib.

Shuningdek, Senkevichning so‘zlariga ko‘ra, yana to‘rtta xususiy uyning derazalari, eshiklari va tomlari zarar ko‘rgan.

Bundan tashqari, korxonalardan biriga raketa tushishi natijasida materiallar yonib ketgan, buning ortidan deyarli butun shahar qora tutun bilan qoplangan.

“O‘t o‘chiruvchilar ishlamoqda, lekin aslida u yerda hamma narsa yonib ketishi kerak, chunki uni o‘chirishning iloji yo‘q”, degan mer.

Halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar haqida ma’lumotlar aniqlashtirilmoqda, degan Senkevich.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

33

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing