Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainaning muhim harbiy ob’ektlari yo‘q qilinganini ochiqladi

Olam

image

Maxsus harbiy operatsiya boshlangandan beri Rossiya Qurolli Kuchlari Ukraina qurolli kuchlarining 381 ta uchuvchisiz uchish apparati, 1888 ta tanki va 205 ta ko‘p raketa moslamasini yo‘q qildi. Bu haqda bugun, 2 aprel kuni Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi rasmiy vakili general-mayor Igor Konashenkov ma’lum qildi. 

“Maxsus harbiy operatsiya boshlanganidan buyon jami 125 ta samolyot va 88 ta vertolyot, 381 ta uchuvchisiz uchish apparati, 1 888 ta tank va boshqa zirhli jangovar texnikalar, 205 ta ko‘p sonli raketa moslamasa, 793 ta dala artilleriya to‘plari va minomyotlari, shuningdek, 1 771 ta maxsus harbiy texnika yo‘q qilindi”, deydi vazirlik vakili. 

Qayd etilishicha, kun davomida Rossiya Aerokosmik kuchlarining tezkor-taktik aviatsiyasi Ukrainaning 28 ta harbiy ob’ektiga zarba bergan. 

Konashenkovga ko‘ra, Rossiya qurolli kuchlari Poltava viloyatidagi Mirgorod harbiy aerodromini yaroqsiz holga keltirgan, Ukrainaning bir nechta jangovar vertolyotlari va samolyotini yo‘q qilgan. 

“Poltava viloyatidagi Mirgorod harbiy aerodromi yaroqsiz holatga keltirildi va uning turargohlarida topilgan bir qancha Ukraina jangovar vertolyotlari va samolyotlari, shuningdek, yoqilg‘i va aviatsiya qurollari saqlanadigan omborxonalari yo‘q qilindi”, deydi vazirlik vakili. 

Uning aytishicha, Rossiya Qurolli kuchlari Ukrainadagi Lozovaya va Pavlograd temir yo‘l stansiyalari hududlarida zirhli texnika, o‘q-dorilar va yoqilg‘i baklarini yuqori aniqlikdagi havodan uchiriladigan raketalar bilan yo‘q qilgan. 

“2 aprel kuni tushdan keyin Lozovaya va Pavlograd temir yo‘l vokzallari hududlarida yuqori aniqlikdagi havodan uchiriladigan raketalar: Donbasdagi Ukraina qo‘shinlari guruhini mustahkamlash uchun yuborilgan zirhli texnika, o‘q-dorilar va yonilg‘i baklarini yo‘q qildi”, deydi Konashenkov.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

42

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing