Rossiya qo‘shinlari Ukrainada keng ko‘lamli yangi hujumga tayyorlamoqda – ISW

Olam

image

Rossiya qo‘shinlari “operatsion pauza”dan keyin Slavyansk-Seversk-Baxmut liniyasi bo‘ylab keng ko‘lamli hujum boshlashni rejalashtirmoqda. Ammo kutilayotgan hujumning qachon boshlanishi va aniq qayerga qaratilishi haqida hozircha hech qanday ma’lumot yo‘q. Bu haqda Amerikaning Urushni o‘rganish instituti o‘zining yangi hisobotida ma’lum qildi. 

Tahlilchilarning aytishicha, bosqinchilar Severskdan Verxnekamenskiygacha 8 km masofani bosib o‘tgan. Ukraina Bosh shtabi ilgari bu hududda dushman hujumlarining qaytarilganligini e’lon qildi.

Shuningdek, rossiyalik yollanma askarlar Severskda “operatsion nazorat” o‘rnatilganligi haqida xabar berdi. Bundan tashqari, Ukraina armiyasi Baxmutning janubi-sharqidagi aholi punktlariga hujum qilgan rus harbiylari bilan jang olib borgan. Janglar shahardan 20 kilometr uzoqlikda bo‘lib o‘tgan.

Hisobotda aytilishicha, Rossiya armiyasi Avdeyevkaning shimoli-sharqidagi hujumlarni davom ettirib, hududda Ukraina istehkomlarini chetlab o‘tishga harakat qilmoqda.

Shuningdek, Ukraina kuchlari Kamenko tomon harakatlanayotgan rus qo‘shinlarini Adeyevkadan 6 km shimoli-sharqda to‘xtatgani ta’kidlangan. O‘sha kuni Rossiya qo‘shinlari jangda to‘liq g‘alaba qozonmaganligiga qaramay, 14 iyul kuni Kamenko ruslar nazoratiga o‘tganini e’lon qilib yuborgan. Ammo buni tasdiqlovchi dalil keltirilgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Muhayyoxon Habibullayeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

327

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing