Rossiya Italiyadan Ukrainadagi urushni tugatish rejasini oldi – TIV

Olam

image

Rossiya hukumati Italiyadan Ukrainadagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilish rejasini oldi. Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenko hozir bu reja ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.

Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, Rossiya rejani o‘rganishni tugatgandan so‘ng unga munosabat bildiradi. 

“Biz buni yaqinda oldik, ko‘rib chiqyapmiz”, degan diplomat rejaning tafsilotlariga to‘xtalmay.

Italiya rasmiylari tomonidan ishlab chiqilgan strategiya o‘tgan hafta ma’lum bo‘ldi. “La Repubblica” gazetasining yozishicha, rejada o‘t ochishni to‘xtatish va rus qo‘shinlarini Ukrainadan to‘liq olib chiqib ketish, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bosqichma-bosqich olib tashlash, Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga tez kirishi va NATO bilan a’zo bo‘lishdan bosh tortish, Rossiya va Ukraina o‘rtasida Donbass va Qrim yarim orolining “bahsli hududlari”ga egalik qilish to‘g‘risida kelishuvga erishish, shuningdek, Yevropada yangi xavfsizlik shartnomasini imzolash ko‘zda tutilgan.

Ushbu strategiya BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga ham topshirilgan. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

83

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing