Rossiya istalgancha afg‘onlarni evakuatsiya qilishga tayyor — Zaxarova
Olam
−
20 avgust 2021
9843Rossiya Afg‘onistondan istalgan miqdordagi mahalliy fuqarolarni evakuatsiya qilishga yordam berish uchun o‘z samolyotlarini taqdim etishga tayyor. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma’lum qilgan.
“Afg‘onistondagi gumanitar vaziyatning yomonlashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun biz Rossiyaning fuqaro aviatsiyasi xizmatlarini ko‘rsatishga tayyormiz”, degan u.
Tashqi ishlar vazirligi vakilining so‘zlariga ko‘ra, ba’zi xorijiy davlatlar o‘z diplomatlari, harbiylari, tinch aholisi va ushbu davlatlar bilan hamkorlik qilgan afg‘onlarni evakuatsiya qilishni mustaqil tashkil qila olmagan.
Zaxarovaga ko‘ra, Rossiya o‘z elchixonasi xodimlari va fuqarolarini zudlik bilan evakuatsiya qilmoqchi emas. Ta’kidlanishicha, mamlakatni tark etmoqchi bo‘lgan ruslar uchun eksport reyslari tashkil etiladi.
TIV vakili “Tolibon” harakati Rossiya samolyotlarining Qobulga bepul kelishi va ketishini, shuningdek ekipaj va yo‘lovchilar xavfsizligini kafolatlagan.
Avvalroq, “Tolibon” harakati jangarilari Afg‘oniston poytaxtini egallaganidan so‘ng, Qobul aeroporti va uning atrofida kamida 12 kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergandik.
Elatib o‘tamiz, “Tolibon” joriy yilning 15 avgust kuni butun Afg‘oniston hududini o‘z nazoratiga olganini va hukumat kuchlari bilan qurolli to‘qnashuv tugaganini xabar qildi. 19 avgust kuni esa harakat mamlakatning Buyuk Britaniya mustamlakasidan ozod bo‘lganining 102 yilligi munosabati bilan Afg‘onistonni Islom Amirligi, deb e’lon qildi.
2001 yil Afg‘onistonga kirgan AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlarining asosiy qismi mamlakatni tark etdi. G‘arb davlatlarining Qobulda qolgan kuchlari diplomatlarni va o‘zlariga yordam bergan afg‘onlarni evakuatsiya qilish bilan band. “Tolibon” siyosiy idorasi vakili Muhammad Naim Afg‘onistonda 20 yil davom etgan urush tugaganini e’lon qildi.
LiveBarchasi