Rossiya ikki yo‘nalishda oldinga siljimoqchi – Ukraina Bosh shtabi

Olam

image

Rossiya harbiylari Ukrainaning Lisichansk neftni qayta ishlash zavodi – Ivano-Darevka va Nikolayevka-Viyemka yo‘nalishlarida oldinga siljishga harakat qilmoqda. Ruslar shu yo‘nalishlarda hujum operatsiyalarini amalga oshirgan. Bu haqda Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh shtabi Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi.

“Kramatorsk yo‘nalishida dushman Kramatorsk, Verxnekamen va Grigorovka hududlarini to‘p va raketa artilleriyasidan o‘qqa tutdi. Hujum harakatlari bilan dushman bo‘linmalari Lisichansk neftni qayta ishlash zavodi – Ivano-Darevka va Nikolayevka – Viyemka yo‘nalishlarida oldinga siljishga harakat qilishdi. Spornoye-Ivano-Darevka yo‘nalishida jangovar harakatlar davom etmoqda”, deyiladi xabarda.

Ayni paytda, Volin, Polessk va Seversk yo‘nalishlarida alohida o‘zgarishlar bo‘lmagan. Ruslar Chernigov viloyatidagi Senkovka va Gremyach, Sumi viloyatidagi Basovka va Kondratovka yaqinidagi hududlarni artilleriyadan o‘qqa tutgan.

Xarkov yo‘nalishida ruslar Xarkov, Udi, Dementevka, Russkiye Tishki, Cherkasskiye Tishki, Bolshiye Proxodi, Prudyanka, Protopopovka, Petrovka, Stariy Saltov, Yuqori Saltov, Mospanovo va Korobochkino aholi punktlari hududlaridagi ob’ektlarni tanklar, to‘p va raketa artilleriyasidan o‘qqa tutishni davom ettirgan. Stariy Saltov va Mospanovo yaqinida havo hujumlari uyushtirilgan.

Slavyan yo‘nalishida Dolina, Brajkovka, Nortsovka, Dubravniy, Mazanovka va Bogorodichniy yaqinida o‘qqa tutilgan. Dushman samolyotlari yana Zaliman yaqinida faol bo‘lgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Yevropa mamlakatlari allaqachon Rossiya neftini yetkazib berishni almashtirishni boshlagan. Misol uchun, may oyining oxirida Birlashgan Arab Amirliklari ikki yillik tanaffusdan so‘ng Yevropaga neft yetkazib berishni tikladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

28

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing