Rossiya BMTning Inson huquqlari kengashidan chiqarib yuborildi

Olam

image

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi kecha, 7 aprel kuni Ukrainaga bostirib kirishi sababli Rossiyaning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi (IHK)dagi ishtirokini to‘xtatuvchi rezolyutsiyani qabul qildi.

Hujjatni 93 davlat qo‘llab-quvvatladi, 24 davlat qarshi ovoz berdi, 58 davlat betaraf qoldi.

Mamlakatni IHKdan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun protsedurada ishtirok etayotganlarning uchdan ikki qismi tegishli rezolyutsiya uchun ovoz berishi kerak edi.

Ukrainaning BMTdagi doimiy vakili Sergey Kislitsa ovoz berishdan oldin qilgan nutqida Rossiya Federatsiyasini Inson huquqlari kengashidan chiqarib yuborish qarorini asosli deb atadi, chunki Rossiyaning Ukrainadagi harakatlari “ruxsat etilganidan tashqariga chiqadi”.

“Rossiya nafaqat inson huquqlarini poymol qilmoqda, balki xalqaro tinchlik va xavfsizlik asoslariga putur yetkazmoqda”, dedi Kislitsa.

Rossiya Federatsiyasining BMTdagi vakili o‘rinbosari Gennadiy Kuzmin, o‘z navbatida, mamlakatining BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashidagi faoliyatini to‘xtatish haqidagi rezolyutsiyaning inson huquqlariga hech qanday aloqasi yo‘qligini aytdi. 

“Biz o‘zimizga qo‘yilgan asossiz ayblovlarni rad etamiz”, degan diplomat.

O‘z navbatida Kuzmin Rossiya BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashidagi a’zoligini muddatidan oldin tugatishga qaror qilganini aytgan.

“Rossiya Federatsiyasi 2022 yil 7 apreldan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zosi sifatidagi vakolatlarini muddatidan oldin tugatishga qaror qildi”, degan u BMT Bosh Assambleyasining Rossiyaning Kengashdagi a’zoligini to‘xtatish to‘g‘risidagi qaroridan keyin.

Rossiya BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashidan chiqqanidan keyin ham inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishda davom etishini qo‘shimcha qilgan Kuzmin.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

112

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing