Rossiya bir kechada Ukrainaning 24 ta ob’ektini yo‘q qildi
Olam
−
06 aprel 2022
14414O‘tgan tunda Rossiya Aerokosmik kuchlarning tezkor-taktik aviatsiyasi va Qurolli kuchlarning raketa qo‘shinlari Ukrainaning 24 ta harbiy ob’ektini yo‘q qildi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Igor Konashenkov ma’lum qildi.
"Ular orasida: Osa-AKM zenit-raketa majmuasi, beshta ombor, shuningdek, 11 ta tayanch nuqtasi va Ukraina qo‘shinlarining harbiy texnikasi jamlangan hududlar bor", deydi Konashenkov.
Uning ta’kidlashicha, yuqori aniqlikdagi "havo-yer" raketalari Radexov, Kazatin, Prosyanaya, Nikolayev va Novomoskovsk aholi punktlari hududlarida beshta yoqilg‘i-moylash bazasini yo‘q qilgan. Ushbu omborlar Ukraina qo‘shinlarining Xarkov, Nikolayev va Donbassdagi guruhlarini yoqilg‘i bilan ta’minlab kelgan.
Bundan tashqari, mudofaa tizimlari Berdyansk, Gornyak, Uvanskiy va Chernobayevka hududlarida havoda to‘rtta dronni urib tushirgan.
Igor Konashenkovga ko‘ra, urush boshlanganidan beri Rossiya Qurolli Kuchlari Ukrainaning 125 ta samolyot, 93 ta vertolyot va 407 ta dronini yo‘q qilgan. Shuningdek, 227 ta zenit-raketa komplekslari, 1981 ta tanklar va boshqa zirhli jangovar mashinalar, 215 ta baravariga reaktiv otish tizimi, 854 ta dala artilleriyasi va minomyotlari hamda 1 882 ta maxsus texnika yo‘q qilingan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi