Rossiya armiyasining hujumkorligi sustlashdi – Ukraina
Olam
−
28 fevral 2022
18607Rossiya Federatsiyasi qo‘shinlari texnik va ishchi kuchini yo‘qotib, Ukrainadagi hujum tezligini pasaytirdi, deb xabar bermoqda UNIAN Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh shtabining bugun, 28 fevral kuni ertalab soat 06:00 holatiga ko‘ra tezkor ma’lumotlariga tayanib.
Hisobotga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari ma’lum sohalarda muvaffaqiyat qozonish yo‘lidagi urinishlaridan voz kechmayapti.
“Harbiy va fuqarolik aerodromlari, qo‘mondonlik postlari (kuchlari), havo hujumidan mudofaa tizimi ob’ektlari, muhim infratuzilma ob’ektlari, mudofaa hududlaridagi aholi punktlari va bo‘linmalariga zarbalar berilmoqda”, deya tushuntirgan Ukraina Bosh shtabi.
Kiyev ma’lumotlariga ko‘ra, ukrainalik brigadalardan faqat birining artilleriya o‘qlari dushman texnikasi va ishchi kuchining 5 dan ortiq kolonnasini yo‘q qilgan.
O‘z navbatida, Ukraina Mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar 24 fevraldan beri Rossiya armiyasi Ukrainada 5,3 mingga yaqin harbiy xizmatchilarini yo‘qotganini ma’lum qildi.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
LiveBarchasi