Rossiya AQSHni qo‘rqoqlik va beadablikda aybladi
Olam
−
25 avgust 2023
9895Vashingtonning ukrainalik bolalarni mojaro hududidan deportatsiya qilish haqidagi yangi ayblovlari ularning beadabligi va qo‘rqoqligidir. Bu haqda Rossiyaning AQSHdagi elchixonasining bayonotida aytiladi.
“Biz Ukrainaning Mustaqillik kuni munosabati bilan ma’muriyat sanksiyalari faolligining navbatdagi o‘sishiga e’tibor qaratdik. AQSHning ukrainalik bolalarni mojaro zonasidan majburan ko‘chirish va noqonuniy deportatsiya qilish haqidagi yangi ayblovlari, ularning jirkanchligi, beadabligi va qo‘rqoqligidan darak. Voyaga yetmaganlar huquqlarini himoya qilish bayrog‘i ostida Vashington boshqa narsalar qatori “Artek” xalqaro bolalar markaziga nisbatan cheklovlar joriy qilmoqda. Agar AQSHda himoyasizlarni ortga qaytarish istagi bo‘lmasa, bu nima?" deyiladi bayonotda.
Elchixonaning iddao qilishicha, AQSHning o‘zini ukrain bolalarining asosiy himoyachisi sifatida ko‘rsatishga urinishi na de-yure, na de-fakto oqlanadi.
“Qo‘shma Shtatlar shu kungacha aholining ushbu zaif toifasini har tomonlama himoya qilishning asosiy standartlarini belgilab beruvchi BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilmagan”, deyiladi elchixona xabarida.
Shuningdek, elchixona Vashingtonning urush zonasidagi bolalar bilan bog‘liq vaziyatdan xavotirli tashvishi, birinchi navbatda, AQSH hukumati Ukrainani bolalarni xalqaro asrab olishning asosiy manbalaridan biri deb bilishi bilan bog‘liqligini bildirgan.
“Biz Vashingtonni geosiyosiy masalalarni hal qilish uchun bolalar muammolaridan behayolarcha foydalanishni bas qilishga chaqiramiz. Amerika hukumati ma’naviyatli bo‘lish o‘rniga, o‘z harakatlariga, jumladan, Kiyevga og‘ir qurollar yetkazib berishga tanqidiy qarashlari kerak, ular orasida bolalar halok bo‘ladi”, deyiladi bayonotda.
Ma’lumot uchun, Rossiya 2022 yilning 24 fevral kuni Ukrainaga urush boshladi. Mamlakatning Ukrainaga hujumi oqibatida hozirga qadar 500 nafar bola halok bo‘lgan.
Avvalroq Ukrainadan dam olish va reabilitatsiya uchun 45 nafardan iborat bolalar guruhi O‘zbekistonga olib kelingandi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 24 avgust kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jo Bayden AQSH Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar e’lon qilganini aytib chiqqandi. Bayden majburiy ko‘chirish va deportatsiya qilishda aybdorlarni javobgarlikka tortish va ukrainalik bolalarni o‘z oilalariga qaytarishni talab qilish uchun yangi sanksiyalar joriy qilganini bildirgan.
LiveBarchasi