Rossiya AQSH va Yevropa Ukrainaga bergan texnikalarni yo‘q qildi

Olam

image

Ukrainaning Jitomir viloyatida Rossiya qo‘shinlari “Kalibr” raketalari bilan Ukraina harbiylariga AQSH va Yevropadan yetkazib berilgan qurol va texnikaning “katta partiyasini” yo‘q qildi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi matbuot kotibi general-mayor Igor Konashenkov ma’lum qildi.

“Jitomir viloyatidagi Malin temir yo‘l stansiyasi hududida yuqori aniqlikdagi, uzoq masofali, dengizga asoslangan “Kalibr” raketalari AQSH va Yevropa davlatlaridan Donbassdagi ukrainalik harbiylar uchun olib kelingan qurol-yarog‘ va harbiy texnikaning katta partiyasini yo‘q qildi”, deydi Konashenkov.

Qayd etilishicha, Odessa viloyatida Rossiya Aerokosmik kuchlari Odessa port kimyo zavodida joylashgan Ukraina harbiylarining zirhli mashinalari uchun yoqilg‘i saqlanadigan omborlarni yo‘q qilgan.

Rossiya aviatsiyasi va havo hujumidan mudofaa tizimlari Ukrainaning ikkita Su-25 samolyotini urib tushirgan: biri Donetsk Xalq Respublikasining Belitskiy shahri yaqinidagi havo jangi paytida, ikkinchisi Xerson viloyati, Novoaleksandrovka qishlog‘i yaqinida.

Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, urush  boshlangandan beri Rossiya qo‘shinlari 174 ta samolyot, 125 ta vertolyot, 966 ta dron, 315 ta zenit-raketa majmuasi, 3 mingdan ortiq tank va boshqa zirhli jangovar texnika, 1,6 mingdan ortiq dala artilleriya va minomyotlari, shuningdek, 3 mingdan ortiq maxsus harbiy texnikani yo‘q qilgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

263

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing