Rossiya 12 soat ichida Kiyevni egallashni rejalashtirgan – Reznikov
Olam
−
16 iyun 2022
25389Rossiya harbiylari Ukrainaga bosqindan keyin 12 soat ichida Kiyev qulab tushishini va nazorat ostiga olinishini kutgan edi. Bu haqda Ukraina Mudofaa vaziri Aleksiy Reznikov CNN telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Reznikovning ta’kidlashicha, urush vaqtida halok bo‘lgan rus askarlarining biridan Rossiyaning harbiy maqsadlari ko‘rsatilgan hujjat topilgan.
“Ular 12 soatdan keyin Kiyev markazini egallaymiz, deb o‘ylashgan. Bu haqda hujjatda ko‘rsatilgan”, deydi u.
Mudofaa vaziriga ko‘ra, Rossiya bosqindan keyin 72 soat ichida Ukraina hukumati poytaxtni tark etishiga ishongan.
“Ochig‘ini aytsam, dunyoning turli hududlaridagi hamkorlarimiz ham sodda edi. Ular bizga bosqin bo‘lishi muqarrarligini va yutqazishimizni aytgandi. Ular “sizda bor-yo‘g‘i 72 soat vaqt bor”, degandi. Shuning uchun bizga og‘ir qurollarni bermadi”, deya qo‘shimcha qildi vazir.
Ma’lumot uchun, bugun Rossiya-Ukraina urushining 113-kuni. Kecha Dmitriy Medvedev Yer yuzida Ukraina degan davlat ikki yildan keyin mavjud bo‘lishiga shubha bilan qarayotganini aytgan edi.
Ayni vaqtda Donbass shimolida qizg‘in janglar ketmoqda, odamlar qurbon bo‘lyapti.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi