Rossiya hududlarini “demilitarizatsiya qilish” davom etadi – Podolyak 

Olam

image

Yaqin kelajakda Rossiya bilan chegaradosh viloyatlardagi yoqilg‘i-moylash materiallari omborlari va bazalarida yangi portlashlar bo‘lishi kutilyapti. Bu haqda Ukraina Prezidenti idorasi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak ta’kidladi. 

Podolyak kecha, 27 aprelga o‘tar kechasi Rossiyaning uchta viloyati — Belgorod, Kursk va Voronejda birdaniga portlashlar sodir bo‘lgani haqidagi xabarlarga shunday izoh bergan. 

Ta’kidlash kerakki, Kiyev yaqinda Rossiya ob’ektlarida ro‘y bergan portlash va yong‘inlarga aloqadorligini tan olmaydi, biroq Ukraina rasmiylari ularni faol sharhlamoqda.

Qayd etilishicha, bugun, 28 aprel kuni ertalab ikki rossiyalik Belgorod viloyatidagi transport infratuzilmasi ob’ektida qo‘poruvchilik tayyorlayotgan vaqtda qo‘lga olingan. 

“Urushning shiddati juda yuqori, ya’ni Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga keng miqyosli bostirib kirishining. Albatta, mojaroning bunday shiddati Rossiya Federatsiyasining chegaradosh viloyatlarida aniq aks etadi. U yerda vahima kayfiyati tezda kuchayadi, ziddiyatli vaziyatlar paydo bo‘ladi. U yerda omborlar portlab ketadi”, degan Podolyak. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, chegara hududlaridagi voqealar “nihoyat, ruslar o‘rtasida savol tug‘diradi — biz Ukrainada nima qilyapmiz? Nega ikki oy davomida u yerda odamlarni bunchalik keng miqyosda o‘ldirmoqdamiz? Va buning uchun qanday narx to‘lashga tayyormiz?”

“Va bu omborlar, yoqilg‘i bazalari — bularning barchasi oqibatlar bo‘ladi. Rossiya Federatsiyasi urush uchun to‘lashni boshlaydigan qarz to‘lovlari”, degan Podolyak.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

29

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing